Suv xo‘jaligi uchun malakali kadrlar tayyorlash — dolzarb vazifa
2026-09-11 09:30:00 / Yangiliklar

Muloqotda suv xo‘jaligi uchun nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llay oladigan, zamonaviy texnika va raqamli texnologiyalar bilan ishlash ko‘nikmasiga ega mutaxassislarni tayyorlash masalasiga asosiy e’tibor qaratildi. Shuningdek, suv resurslarini samarali boshqarish, suvni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish va obyektlardan ishonchli foydalanishda malakali kadrlarning o‘rni xususida so‘z bordi.
Uchrashuvda suv xo‘jaligi tashkilotlari va oliy ta’lim muassasalari hamkorligida dual ta’lim yo‘lga qo‘yilgani, bu esa talabalarga auditoriyada olgan bilimlarini bevosita suv xo‘jaligi obyektlarida mustahkamlash, sohada qo‘llanilayotgan uskuna va texnologiyalar bilan yaqindan tanishish, shuningdek, kasbiy tajriba to‘plash imkonini berayotgani ta’kidlandi.
Tadbirda 2025–2028-yillarda Suv xo‘jaligi vazirligi tizimi tashkilotlarining oliy ma’lumotli kadrlar bilan ta’minlanganlik darajasini 65 foizga yetkazish, 2026-yilning o‘zida esa 1 000 nafar oliy ta’lim muassasasi bitiruvchisini ishga qabul qilish rejalashtirilgani qayd etildi. Bu esa ta’lim jarayonini sohaning amaliy ehtiyojlari bilan bog‘lash va kadrlar zaxirasini muntazam to‘ldirib borishga xizmat qiladi.
Ochiq muloqot davomida talabalar amaliyot o‘tash, dual ta’limda ishtirok etish, kasbiy malakasini oshirish hamda o‘qishni tamomlagandan keyin suv xo‘jaligi tizimiga qanday ishga joylashishga oid o‘zini qiziqtirgan savollarga bevosita javob olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.Soha rahbarlari ularning fikr va takliflarini tinglab, ko‘tarilgan masalalar yuzasidan batafsil tushuntirish berdi.
Uchrashuv yakunida oliy ta’lim muassasasi va suv xo‘jaligi tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, talabalarni amaliy jarayonlarga ko‘proq jalb etish hamda bilimli va tashabbuskor yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.









