Yangi o‘quv yiliga yangi maqsadlar bilan
2026-09-02 14:30:00 / Yangiliklar

Ayniqsa, mustaqilligimizning 35-yillik bayrami bilan uyg‘un ravishda nishonlanayotgan Bilimlar kuni o‘quvchilar, ustoz-murabbiylar va ota-onalar uchun quvonchli va unutilmas lahzalarga boy bo‘ldi.
Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi 226-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida ham Bilimlar kuni munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazildi.
Unda Suv xo‘jaligi obyektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Ilhom Jo‘rayev, o‘quvchilar, ota-onalar, ustoz va murabbiylar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz maktablarining o‘quvchilari, ustoz va murabbiylariga yangi o‘quv yili munosabati bilan yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi.
Tabrikda yoshlarni zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallash, ilm-fan va texnologiyalarni o‘rganish, xorijiy tillarni o‘zlashtirish, doimiy izlanish va harakatdan to‘xtamaslikka da’vat etilgani ta’kidlandi.
Ilhom Jo‘rayev o‘quvchilarni yangi o‘quv yili bilan qutlab, bugungi kunda har bir sohada chuqur bilimli, zamonaviy texnologiyalarni egallagan va mustaqil fikrlay oladigan yosh kadrlarga ehtiyoj ortib borayotganini qayd etdi.
Shuningdek, yoshlarda tabiat va suv resurslariga ehtiyotkor munosabatni shakllantirish muhimligi, suvni tejash madaniyati oila va maktabdan boshlanishi lozimligi ta’kidlandi.
Bayram tadbirida maktab o‘quvchilari tomonidan Vatan, istiqlol va tinchlikni madh etuvchi she’rlar o‘qildi, kuy-qo‘shiqlar va raqslar ijro etildi. O‘quvchilarning chiqishlari yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Ayniqsa, maktab ostonasiga ilk bor qadam qo‘ygan birinchi sinf o‘quvchilari uchun bu kun alohida quvonch va hayajonga boy bo‘ldi.
Tadbir yakunida “Birinchi qo‘ng‘iroq” sadolari yangrab, 2026/2027 o‘quv yiliga start berildi.









