Toshkentda suv tejovchi texnologiyalar bo‘yicha mintaqaviy seminar yakunlandi
2026-08-12 18:25:00 / Yangiliklar

Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistondan kelgan suv xo‘jaligi mutaxassislari uch kun davomida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini o‘rgandi. Seminarda nazariy mashg‘ulotlar bilan birga amaliy darslar o‘tkazildi, raqamli yechimlar namoyish etildi va ishlab chiqarish korxonalariga tashriflar tashkil qilindi.
Seminarning yakuniy tadbirida Cuv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Rustam Qarshiyev ishtirok etib, suv tanqisligi va iqlim o‘zgarishi sharoitida suvdan samarali foydalanish Markaziy Osiyo davlatlari uchun tobora muhim ahamiyat kasb etayotganini qayd etdi.
Dastur davomida ishtirokchilar tomchilatib sug‘orish tizimlarining tuzilishi va ishlash tartibi, suv tejovchi texnologiyalarni boshqarish, meteoma’lumotlardan foydalanish hamda sohadagi raqamli yechimlar bilan tanishdi.
Shuningdek, ular Toshkent viloyati Nurafshon shahridagi “AGRO NEW DRIP” MCHJda bo‘lib, VITAND brendi ostida suv tejovchi sug‘orish tizimlari uchun polietilen quvurlar, tomchilatib sug‘orish shlanglari va boshqa mahsulotlar qanday ishlab chiqarilishini ko‘rdi.
— Suv tanqisligi va iqlim o‘zgarishi bir mamlakatga xos masala emas, u butun mintaqamizga daxldor. Shuning uchun suvni tejash, zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini joriy etish va yangi yechimlarni amaliyotga tatbiq etishda bir-birimizning tajribamizni o‘rganish muhim. Bu yerda O‘zbekiston tajribasi bilan yaqindan tanishdik, o‘z fikrlarimizni ham o‘rtoqlashdik. Olgan bilimlarimizni o‘z faoliyatimizda qo‘llash uchun foydali jihatlar ko‘p, — deydi Tojikiston Respublikasi Energetika va suv resurslari vazirligi Sirdaryo havza zonasi Suv resurslari boshqarmasi boshlig‘i Abdunabi Boboyev.
Mintaqaviy seminar Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi (SDC) tomonidan moliyalashtirilayotgan O‘zbekistonda Suv resurslarini boshqarish milliy loyihasi hamda Blue Peace Central Asia (BPCA) loyihasi doirasidatashkil etildi.
Tadbir yakunida uch kunlik o‘quv dasturini tamomlagan ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
Seminar Markaziy Osiyo davlatlari suv xo‘jaligi mutaxassislariga nafaqat yangi texnologiyalar bilan tanishish, balki o‘zaro tajriba almashish va keyingi hamkorlik uchun professional aloqalarni mustahkamlash imkonini berdi.






