Bayram tuhfasi— “Dehqonobod” kanali foydalanishga topshirildi
2026-08-15 17:45:00 / Yangiliklar

Ochilish marosimida aholi va fermer xo‘jaliklari vakillari, suv xo‘jaligi tizimi xodimlari hamda jamoatchilik faollari ishtirok etdi. Kanalning ishga tushirilishi tuman qishloq xo‘jaligi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan voqea sifatida e’tirof etildi.
“Dehqonobod” kanalining 10 kilometr 200 metr qismi betonlashtirilishi natijasida suvni yetkazib berish samaradorligi sezilarli oshadi. Bu, avvalo, fermer xo‘jaliklari va aholi tomorqalarini barqaror suv bilan ta’minlash imkonini beradi, — deydi Sirdaryo–So‘x irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i Faxriddin Tursunov.
Loyiha doirasida betonlash ishlari qisqa muddatda va sifatli amalga oshirildi. “Dehqonobod” kanali “Rahmatov”, “Dehqonobod”, “Ulug‘bek” va “Abdurazzaqov” MMTP hududlaridan o‘tib, 25 ta fermer xo‘jaligi, 9 ta mahalla fuqarolar yig‘ini hamda qariyb 7 ming xonadonning tomorqa yerlarini suv bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbir davomida yangi inshootning yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yo‘lida xizmat qilishiga tilak bildirildi. Xayrli ish munosabati bilan qur’on tilovat qilinib, duolar qilindi va qo‘y so‘yilib, tadbir ishtirokchilariga osh berildi.





