Suv tejamkorligi: Markaziy osiyo mutaxassislari Toshkentda tajriba almashmoqda
2026-08-10 11:30:00 / Yangiliklar

Trening O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tashabbusi bilan, O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish milliy loyihasi va Blue Peace Central Asia (BPCA) loyihasi doirasida, Suvchilar maktabi ishtirokida tashkil etildi.
Unda Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistondan suv xo‘jaligi mutaxassislari, vazirlik va idoralar, havza va suv xo‘jaligi tashkilotlari, ilmiy-ta’lim muassasalari vakillari hamda yosh kadrlar ishtirok etmoqda.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Zokir Ishpulatov ochib berdi.
Ta’kidlanganidek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan so‘nggi yillarda suv xo‘jaligini modernizatsiya qilish, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish va sohani raqamlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yo‘lga qo‘yilib, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etuvchilarga subsidiyalar va imtiyozli kreditlar ajratilmoqda. Tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish uskunalarini mahalliy ishlab chiqarish ham rivojlanmoqda.
Natijada zamonaviy sug‘orish usullari joriy etilgan maydonlar kengayib, mutaxassislar va fermerlarning malakasini oshirish, sug‘orish tizimlaridan samarali foydalanish hamda suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Tadbir ochilishida Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligining suv resurslari, infratuzilmalar va iqlim o‘zgarishi masalalari bo‘yicha mintaqaviy mutaxassisi Ashanti Bleyx, Suvchilar maktabi direktori Farhod Saidov, Blue Peace Central Asia loyihasi rahbari o‘rinbosari Nazokat Isayeva va boshqalar so‘zga chiqdi.
Treningning asosiy maqsadi — Markaziy Osiyo mamlakatlari suv xo‘jaligi mutaxassislarining kasbiy salohiyatini oshirish, tajriba almashishni kengaytirish, suv resurslaridan samarali foydalanish, zamonaviy sug‘orish texnologiyalari va raqamli yechimlarni joriy etish bo‘yicha amaliy hamkorlikni mustahkamlash.
Trening davomida ishtirokchilar O‘zbekistonda suv tejovchi texnologiyalarni rag‘batlantirishga qaratilgan normativ-huquqiy va moliyaviy mexanizmlar, subsidiyalash va kreditlash tizimi bilan tanishadilar.
Dasturning alohida qismi sohani raqamlashtirishga bag‘ishlangan. Unda «Tomchi» mobil ilovasi, yagona elektron «TOMCHI» reyestri hamda suvdan foydalanuvchilarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiluvchi boshqa raqamli vositalar taqdim etiladi.
Amaliy mashg‘ulotlarda tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimlari, suv tejovchi egatlab sug‘orish hamda tuproq ostidan sug‘orish texnologiyalariga e’tibor qaratiladi. Ishtirokchilar ularni to‘g‘ri tanlash, loyihalash, o‘rnatish, ishlatish va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladilar. Nasos stansiyalari, filtrlar, quvurlar, fitinglar va tomizgichlarning ishlash tamoyillari ham tushuntiriladi.
Nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish maqsadida dastur doirasida Suvchilar maktabining tajriba-namoyish maydonchasida meteostansiyalardan foydalanish, meteorologik ma’lumotlar asosida sug‘orish rejimlarini belgilash va suvni ekin talabidan kelib chiqqan holda boshqarish usullari namoyish etiladi.
Shuningdek, ishtirokchilar «Debyut» PK (Agrodrip) zavodiga tashrif buyurib, suv tejovchi sug‘orish tizimlari uchun zarur elementlarni ishlab chiqarish, komplektatsiya qilish va loyihalash jarayonlari bilan tanishadilar.
Uch kunlik o‘quv dasturi yakuniy test sinovlari, bilim va ko‘nikmalarni baholash hamda ishtirokchilarga sertifikatlar topshirish bilan yakunlanadi.
Mintaqaviy trening suv tejamkorligi, raqamlashtirish va iqlim o‘zgarishiga moslashuv yo‘nalishlarida Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi kasbiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Axborot xizmati





