Keksalarga ehtirom — qadriyat va an’ana
2026-08-06 18:35:00 / Yangiliklar

Mustaqilligimizning 35-yilligi munosabati bilan bu ezgu an’ana suv xo‘jaligi tizimida ham keng davom ettirilmoqda. "Suv xo‘jaligi sohasida obodlik va mehr-saxovat oyligi" doirasida joylarda soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan faxriylar holidan xabar olinib, ularga hurmat va e’tibor ko‘rsatilmoqda.
Shunday xayrli tadbirlardan biri Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumanida o‘tkazildi.
Kuni kecha Suv xo‘jaligi obyektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi bo‘lim boshlig‘i F. Atakov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi xodimi I. Axnazarov hamda Nukus tumani "Suv yetkazib berish xizmati" DM direktori I. Reypnazarovlar uzoq yillar suv xo‘jaligi tizimida mehnat qilgan, bugungi kunda keksalik gashtini surayotgan soha faxriylari xonadonlariga tashrif buyurib, holidan xabar oldilar.
Uchrashuvlarda faxriylarning suv xo‘jaligi tizimidagi ko‘p yillik mehnati alohida e’tirof etildi. Ustozlarga bildirilgan samimiy tilaklar qatorida bayram sovg‘alari va oziq-ovqat mahsulotlari ham topshirildi.
Bunday uchrashuvlar bir tomondan faxriylarga hurmat va e’tibor ifodasi bo‘lsa, ikkinchi tomondan, bugungi avlodni soha ravnaqiga hissa qo‘shgan ustozlar tajribasi va mehnat an’analari bilan bog‘lab turadi.
"Suv xo‘jaligi sohasida obodlik va mehr-saxovat oyligi" doirasida faxriylar holidan xabar olish tadbirlari boshqa hududlarda ham davom etmoqda.

