Markaziy Osiyoning yashil kelajagi: o‘rmonlar, ekotizimlar va suv xavfsizligi
2026-07-23 19:15:00 / Yangiliklar

Panel sessiyasida ikki mamlakatning davlat idoralari, vazirlik va muassasalari rahbarlari, mutaxassislar hamda ekspertlar suv xavfsizligini ta’minlash, iqlim o‘zgarishi sharoitida suv resurslaridan oqilona foydalanish, ekotizimlarni muhofaza qilish va mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.
O‘zbekiston Respublikasi nomidan panel sessiyasida Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Z.Ishpulatov ishtirok etib, ma’ruza qildi.
U o‘z nutqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda suv resurslarini samarali boshqarish, sohani raqamlashtirish, suv xo‘jaligi infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda suvdan tejamkorlik bilan foydalanish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Prezident tashabbusi bilan suv xo‘jaligi sohasida zamonaviy boshqaruv tizimi joriy etilmoqda, raqamli texnologiyalar keng tatbiq etilmoqda va suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda mamlakat suv xo‘jaligi tizimi 70 dan ortiq suv ombori, 180 ming kilometrga yaqin sug‘orish tarmoqlari, 1700 ga yaqin nasos stansiyasi hamda 10 mingdan ziyod gidrotexnika inshootlarini o‘z ichiga oladi. Ularni samarali boshqarish maqsadida «Raqamli suv xo‘jaligi» milliy ekotizimi yaratilgan bo‘lib, mazkur tizim zamonaviy Vaziyatlar markazi, avtomatlashtirilgan suv hisobi, geoaxborot tizimlari, gidrotexnika inshootlarini masofadan monitoring qilish hamda axborot-tahliliy platformalarni qamrab olgan.
Shuningdek, Prezident tashabbusi bilan suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijasida bugungi kunda zamonaviy sug‘orish usullari 2,6 million gektardan ortiq, ya’ni mamlakat sug‘oriladigan maydonlarining qariyb 60 foizida joriy etilgan. So‘nggi yillarda 20 ming kilometrdan ortiq sug‘orish kanallari betonlashtirildi, jumladan 2 ming kilometrga yaqin magistral va xo‘jaliklararo, 18 ming kilometrdan ziyod ichki xo‘jalik tarmoqlari rekonstruksiya qilindi. Bu ishlar suv yo‘qotishlarini keskin kamaytirish, sug‘orish tizimlari samaradorligini oshirish va qishloq xo‘jaligi yerlarini barqaror suv bilan ta’minlash imkonini bermoqda.
Tadbir davomida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida suv xo‘jaligini raqamlashtirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, irrigatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish, gidrotexnika inshootlarini avtomatlashtirish, kadrlar tayyorlash hamda ilmiy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, Markaziy Osiyoda suv xavfsizligini ta’minlash, ekotizimlarni saqlash va barqaror taraqqiyotga erishish mamlakatlar o‘rtasidagi ishonchli va amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlashni talab etadi. O‘zbekiston bu borada ochiq muloqot, o‘zaro manfaatli hamkorlik va ilg‘or tajribalar almashinuvini izchil qo‘llab-quvvatlaydi.


