Suv xo‘jaligi tizimida yosh mutaxassislar uchun yangi imkoniyatlar yaratilmoqda
2026-07-24 17:40:00 / Yangiliklar

Shu maqsadda Chirchiq–Ohangaron irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi Nasos stansiyalari, energetika va aloqa boshqarmasida “Karera kuni” mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Yarmarkada Suv xo‘jaligi vazirligi, Chirchiq–Ohangaron irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi va uning tizim tashkilotlari ham faol qatnashib, bitiruvchi yoshlarga mavjud 116 ta bo‘sh ish o‘rni taklif qilindi.
- Tadbirning asosiy maqsadi oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini suv xo‘jaligi sohasiga keng jalb etish, ularga tizim tashkilotlaridagi mavjud vakansiyalar haqida to‘liq ma’lumot berish va ish beruvchilar bilan bevosita muloqot o‘rnatish imkonini yaratishdan iborat, - deydi Suv xo‘jaligi vazirligi Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘limi boshlig‘i Dilafro‘z Aliqulova. - Belgilangan vazifalarga ko‘ra, 2025–2028-yillarda Suv xo‘jaligi vazirligi tizimi tashkilotlarining oliy ma’lumotli kadrlar bilan ta’minlanganlik darajasini 65 foizga yetkazish, 2026-yilning o‘zida esa 1 000 nafar oliy ta’lim muassasasi bitiruvchisini ishga qabul qilish rejalashtirilgan.
“Ochiq eshiklar kuni” shaklida o‘tkazilayotgan yarmarkada yoshlar suv xo‘jaligi tizimidagi faoliyat yo‘nalishlari, mehnat sharoitlari, xizmat vazifalari, ijtimoiy kafolatlar va kasbiy o‘sish imkoniyatlari bilan tanishdi. Shuningdek, ular shu yerning o‘zida ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri suhbatlashdilar. Yakunda 10 nafar yoshlar shu yerning o‘zida ish beruvchilar bilan shartnoma tuzish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Bunday tadbirlar yoshlarning faqat ish topishiga emas, balki ularning sohada o‘z o‘rnini topishi, tajribali mutaxassislar bilan ishlashi va kelgusida malakali kadr sifatida shakllanishiga ham xizmat qiladi.




