ZARAFSHON DARYOSI: TABIIY BOYLIK VA STRATEGIK SUV MANBAI
2026-07-04 18:05:00 / Yangiliklar

Daryo suvlari Samarqand, Navoiy, Qashqadaryo, Jizzax va Buxoro viloyatlarida qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish, sanoat tarmoqlarini hamda aholini ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv bilan ta’minlashning asosiy manbalaridan biri hisoblanadi.
Daryoning asosiy to‘yinish manbalari qor va muzlik suvlari hisoblanadi. Shu bois suv sarfi, odatda, bahorning oxiri (may oyi) va yozning boshida (iyun–iyul oylari) eng yuqori darajaga yetadi. Qish mavsumida esa suv miqdori sezilarli darajada kamayadi. Daryo oqimining yillar bo‘yicha shakllanishi iqlim sharoiti, qor zaxirasi va muzliklarning erish darajasiga bevosita bog‘liq. So‘nggi yillarda global iqlim o‘zgarishi natijasida muzliklar hajmining qisqarishi Zarafshon daryosining suv resurslariga ham ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatmoqda.
Gidrometeorologiya xizmati markazining 2026-yil vegetatsiya mavsumi bo‘yicha ma’lumotlariga ko‘ra, Zarafshon daryosida sutkalik o‘rtacha suv sarfi 230–330 m³/sekundni, mavsum davomida esa umumiy suv hajmi 2 210–3 160 mln m³ ni tashkil etishi prognoz qilingan.
Zarafshon daryosida eng ko‘p oqib o‘tgan suv sarfi 1924 va 1990-yillarda maksimal 900 m3/sekund, 1942 va 1952-yillarda 850 m3/sekundni tashkil etgan.
Joriy yilning bahor va yoz oylarida kuzatilgan seryog‘in ob-havo sharoiti hamda tog‘ hududlarida qor va muzliklarning jadal erishi natijasida Zarafshon daryosidagi suv sarfi o‘tgan yillar ko‘rsatkichlariga nisbatan o‘rtacha 25–30 foizga yuqori shakllandi. Bu esa “Kattaqo‘rg‘on”, “Oqdaryo”, “Jizzax” va “Chimqo‘rg‘on” suv omborlarida jami 1 394 mln m³ hajmda suv zaxiralarini to‘plash imkonini berdi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, joriy yilda Zarafshon daryosidan olinayotgan suvning 40 m³/sekunddan ortiq qismi “Eski Anhor” kanali orqali Qashqadaryo viloyatiga yetkazib berilmoqda. Buning natijasida Amudaryodan 9 ta ko‘tarma nasos stansiyasi orqali suv yetkazib beriladigan G‘uzor, Qarshi va Koson tumanlaridagi jami 25,6 ming gektar qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarini Zarafshon daryosi suvi hisobiga, elektr energiyasi sarflamasdan sug‘orish imkoniyati yaratildi.
Shuningdek, Zarafshon daryosining quyi oqimidagi suv resurslaridan samarali foydalanish hisobiga Buxoro viloyatining Shofirkon, G‘ijduvon, Vobkent, Romitan, Peshku va Jondor tumanlarida joylashgan jami 156 ming gektardan ortiq sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarini ham elektr energiyasi sarflamasdan suv bilan ta’minlash imkoni yaratilmoqda.
Ma’lumki, bahor–yoz mavsumida sel va toshqin suvlari ta’sirida daryo qirg‘oqlarining yuvilishi, ayrim uchastkalarda esa daryo o‘zanining tabiiy yo‘nalishi o‘zgarishi kabi gidromorfologik jarayonlar kuzatiladi. Bunday holatlar Zarafshon daryosida ham qayd etilmoqda.
Misol uchun, joriy yilning 3-iyul kuni Zarafshon daryosining Toyloq tumanidagi “Zarafshon milliy tabiat bog‘i” davlat muassasasi tasarrufidagi hududdan oqib o‘tuvchi qismida daryo qirg‘og‘i va dambaning yuvilishi “Samarqand – Urgut” temir yo‘l tarmog‘i o‘tgan qismida yuzaga keldi.
Iyun oyining oxirgi kunlarida havo haroratining keskin oshishi, shuningdek, 28 iyundan boshlab O‘zbekiston va Tojikistonning tog‘li hududlarida kuzatilgan kuchli yog‘ingarchiliklar natijasida Zarafshon daryosida suv sarfi yanada ortib, 1-3 iyul kunlari “Ravotxo‘ja” suv taqsimlash inshootida qariyb 550 m³/sekundni tashkil etdi.
Ushbu holatda “Ravotxo‘ja” suv taqsimlash inshootidan suv sarfining ma’lum bir qismi kanallarning maksimal suv o‘tkazish darajasigacha qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishga hamda qolgan 250–300 m³/sekund suv Zarafshon daryosining quyi oqimiga yo‘naltirilmoqda.
Ushbu jarayonlarning salbiy oqibatlarini bartaraf etish maqsadida daryo qirg‘oqlarini mustahkamlash, muhofaza dambalarini tiklash va kuchaytirish ishlari amalga oshirilmoqda.
