"Kavsar" texnologiyasi – suv tejamkorligi va hosildorlik kafolati
2026-07-14 10:15:00 / Yangiliklar

Xususan, tumandagi fermer xo‘jaliklarida "Kavsar" mobil nasos agregatlari asosida diskret sug‘orish texnologiyasi keng qo‘llanilmoqda. Mazkur agregatlarning asosiy ustunligi — energiya tejamkorligi va quyosh panellari orqali ishlash imkoniyatidir. Shu bois elektr ta’minoti cheklangan hududlarda ham tizim uzluksiz ishlab, fermerlarga qo‘shimcha iqtisodiy samara bermoqda.
Jumladan "Tuniroq" hududida faoliyat yuritayotgan ”Yorqulov Ulug‘bek" fermer xo‘jaligida ham mazkur texnologiya 15 gektar paxta maydonida amaliyotga joriy etilgan. Bu yerda “Kavsar” mobil nasos agregati yordamida tashkil etilgan diskret sug‘orish tizimi suvdan oqilona foydalanish va paxta maydonlarini meyoriy namlik bilan ta’minlashda yuqori samara bermoqda.
Fermer xo‘jaligi rahbari Ulug‘bek Yorqulovning aytishicha, iqlim o‘zgarishi va suv resurslarining cheklanib borayotgani sharoitida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bugungi kunning muhim talabidir.
— Ilgari an’anaviy usulda sug‘orishda suv sarfi yuqori bo‘lib, ayrim joylarda ortiqcha, boshqa uchastkalarda esa namlik yetarli darajada ta’minlanmas edi. Diskret sug‘orish texnologiyasi joriy etilgach, har bir egatga suv aniq meyorda yetkazilmoqda. Natijada suv isrofi keskin kamaydi, sug‘orish sifati yaxshilandi va suvdan tejamkorlik bilan foydalanish imkoniyati yaratildi, — deydi xo‘jalik rahbari Ulug‘buk Yorqulov.
Ma’lumot uchun, joriy mavsumda Kogon tumani fermerlari tomonidan 6 ta “Kavsar” mobil sug‘orish qurilmasi xarid qilingan. Ayni paytda bu texnologiyalar yordamida jami 100 gektardan ortiq ekin maydoni sug‘orilmoqda.




