Suv xo‘jaligi tizimi xodimlari profilaktik tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi
2026-07-10 17:40:00 / Yangiliklar

Unda Suv xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi obyektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi hamda Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot institutining 200 ga yaqin xodimi ishtirok etdi.
Tibbiy ko‘rik Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi huzuridagi Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazining mobil tibbiy klinikasi tomonidan o‘tkazildi.
Ko‘rikning asosiy maqsadi — xodimlar salomatligini muntazam nazorat qilish, mavjud kasalliklarni erta bosqichda aniqlash, ularning oldini olish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida terapevt, ginekolog-mammolog shifokorlar, shuningdek, laboratoriya mutaxassislari tomonidan xodimlarning salomatlik holati kompleks o‘rganildi. Jumladan, umumiy sog‘liq holati, yurak-qon tomir tizimi, qon bosimi va boshqa muhim ko‘rsatkichlar bo‘yicha tegishli tekshiruvlar amalga oshirildi, zarur laboratoriya tahlillari o‘tkazildi.
— Xodimlar salomatligini muhofaza qilish, ularni belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib turish va ish joyida sog‘lom mehnat muhitini yaratish ish beruvchining muhim vazifalaridan biri hisoblanadi, — deydi Ekspluatatsiya agentligi Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘limi boshlig‘i Jalol To‘xtayev. — Shu jihatdan, mobil tibbiy klinikaning zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangani tekshiruvlarni bevosita ish joyining o‘zida tashkil etish imkonini berdi. Natijada xodimlar ortiqcha vaqt sarflamasdan, malakali mutaxassislar ko‘rigidan o‘tib, salomatligi holati yuzasidan zarur tavsiyalar olish imkoniga ega bo‘ldi.
Tadbir doirasida tibbiy madaniyat va shaxsiy gigiyenaga oid tushuntirish ishlari ham olib borildi. Xodimlarga salomatligiga mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lish, yuqumli va boshqa kasalliklarning oldini olish, stress va asabiy zo‘riqishni kamaytirish, jismoniy faollikni oshirish, to‘g‘ri ovqatlanish hamda ish va dam olish tartibiga rioya qilish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi









