Gidrometriya sohasida amaliy ko‘nikmalar mustahkamlanmoqda
2026-06-23 17:25:00 / Yangiliklar

Tadbir Shveysariya Taraqqiyot va hamkorlik agentligi moliyalashtirayotgan “O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish milliy loyihasi”ning III bosqichi doirasida o‘tkazildi.
Unda havza boshqarmasi va tizim tashkilotlarida gidrometriya ishlarini tashkil etish hamda yuritishga mas’ul mutaxassislar ishtirok etdi.
Davra suhbati davomida gidrometriya sohasi bo‘yicha tayyorlangan videodarslarda yoritilgan mavzular muhokama qilinib, ishtirokchilarning savollariga atroflicha javoblar berildi. Shuningdek, suv sarfini aniqlash, gidropostlarda kuzatuv ishlarini tashkil etish, zamonaviy o‘lchov qurilmalaridan foydalanish va olingan ma’lumotlarni qayta ishlash bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Muloqot chog‘ida sohada uchrayotgan muammolar, ularning amaliy yechimlari hamda gidrometriya ishlari samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar muhokama qilindi. Ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashib, kundalik faoliyatda qo‘llanilayotgan yondashuvlar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirdi.

