Sun’iy intellekt 2030-yilga borib 1,3 milliard kishi ehtiyojlari uchun zarur suvni iste’mol qilishi mumkin - BMT
2026-06-08 17:00:00 / Yangiliklar

Tadqiqot mualliflarining ta’kidlashicha, sun’iy intellektning atrof-muhitga ta’sirini faqat uglerod chiqindilari orqali baholash yetarli emas. Chunki sun’iy intellekt infratuzilmasi katta hajmdagi elektr energiyasi, suv resurslari va yer maydonlarini talab qiladi.
Hisobotga ko‘ra, 2030-yilga kelib sun’iy intellekt ma’lumotlar markazlari yiliga qariyb 945 teravatt-soat elektr energiyasi iste’mol qilishi mumkin. Bu esa aholisi 650 milliondan ortiq bo‘lgan Pokiston, Bangladesh va Nigeriyaning bugungi umumiy yillik elektr iste’molidan deyarli uch baravar ko‘pdir.
Mutaxassislar ma’lumotlar markazlarining “suv izi” ham keskin ortishini prognoz qilmoqda. Bunda suv asosan serverlarni sovutish va ularni energiya bilan ta’minlaydigan elektr stansiyalarida qo‘llaniladi. Natijada sun’iy intellekt infratuzilmasining yillik suv talabi Sahroi Kabirdan janubdagi Afrika mintaqasida yashovchi 1,3 milliard aholining asosiy maishiy ehtiyojlariga tenglashishi mumkin.
Shuningdek, sun’iy intellekt tizimlarining “yer izi” 14,5 ming kvadrat kilometrdan oshishi kutilmoqda. Bu ko‘rsatkich 32 milliondan ortiq aholi yashaydigan Jakarta aglomeratsiyasi hududidan qariyb ikki baravar kattadir.
Tadqiqotchilar toza energiyaga o‘tish ham barcha ekologik muammolarni avtomatik ravishda hal qilmasligini qayd etmoqda. Ayrim hollarda uglerod chiqindilarini kamaytirish suv va yer resurslariga tushadigan yukning ortishiga olib kelishi mumkin.
Shu bois hisobot mualliflari sun’iy intellektni rivojlantirishda energiya sarfi bilan bir qatorda suv resurslari, yer maydonlari va ijtimoiy infratuzilmaga ko‘rsatiladigan ta’sirni ham hisobga oladigan mas’uliyatli yondashuvni shakllantirishga chaqirmoqda.
