Suvni tejashdan raqamli boshqaruvgacha: sohadagi islohotlar qanday natija bermoqda?
2026-05-31 15:15:00 / Yangiliklar

Shu sababli ko‘plab mamlakatlar suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va suv tejamkorligini oshirishga qaratilgan keng qamrovli dasturlarni amalga oshirmoqda. Suv xavfsizligini ta’minlash esa bugungi kunda milliy xavfsizlikning ajralmas qismi sifatida e’tirof etilmoqda.
Markaziy Osiyo mazkur jarayonlarning ta’sirini eng kuchli his qilayotgan hududlardan biri hisoblanadi. Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, asr o‘rtasiga kelib Tyan-Shan, Pomir va Hindukush tog‘laridagi muzliklarning yarmidan ko‘prog‘i yo‘qolishi mumkin. Bu esa Sirdaryo havzasida suv oqimining 5 foizgacha, Amudaryo havzasida esa 15 foizgacha qisqarishiga olib keladi. Shu bilan birga, 2040-yilga qadar mintaqa aholisi 90 million nafarga yaqinlashishi va suv tanqisligi darajasi 30 foizgacha oshishi prognoz qilinmoqda.
O‘zbekiston ham mazkur muammolardan mustasno emas. Mutaxassislarning baholashlariga ko‘ra, 2030-yilga kelib mamlakatda suv resurslari taqchilligi 15 milliard kub metrgacha yetishi mumkin. Bu esa qishloq xo‘jaligi, energetika, oziq-ovqat xavfsizligi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari uchun jiddiy muammo tug‘dirish mumkin.
Shu bois keyingi yillarda mamlakatimizda suv xo‘jaligi sohasini modernizatsiya qilish, suv resurslarini boshqarish samaradorligini oshirish va ulardan oqilona foydalanishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020–2030-yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi, yangi tahrirdagi Suv kodeksi hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi muhim dasturiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Prezident tashabbusi bilan 2024-yildan boshlab mamlakatda “favqulodda suvni tejash rejimi” joriy etildi. Bu suvdan foydalanish samaradorligini oshirish va mavjud resurslarni saqlab qolishga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi.
Suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish sohadagi eng muhim vazifalardan biriga aylandi. So‘nggi besh yil davomida respublika bo‘yicha 2,6 million gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar tatbiq etildi. Bu mamlakat sug‘oriladigan yerlarining 60 foizdan ortig‘ini tashkil etadi. Natijada har yili 2 milliard kub metrgacha suv tejalmoqda.
Hozirgi sur’atlar saqlanib qolsa, 2030-yilga qadar respublikaning barcha sug‘oriladigan maydonlarini suv tejovchi texnologiyalar bilan qamrab olish rejalashtirilgan. Bu esa suv resurslaridan foydalanish samaradorligini yanada oshirish imkonini beradi.
Suv tejovchi texnologiyalar joriy etish natijasida mahalliy sanoat ham shakllanmoqda. Mamlakatda 60 dan ziyod korxona tomonidan tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimlari uchun zarur bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Bu loyihalarning iqtisodiy samaradorligini oshirish bilan birga, sohada yangi ish o‘rinlari yaratilishiga ham xizmat qilmoqda.
Joylardagi ishlar bu siyosatning amaliy natijalarini ko‘rsatmoqda. Masalan, Surxondaryo viloyatida joriy yil uchun 41 ming 742 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 12,2 ming gektarda tomchilatib sug‘orish, 3 ming gektarda yomg‘irlatib sug‘orish, 2,2 ming gektarda diskret sug‘orish, 7,3 ming gektarda egiluvchan quvurlar orqali sug‘orish texnologiyalari qo‘llanilmoqda.
Birgina Angor tumani misolida oladigan bo‘lsak, 2,2 ming gektar maydonda tomchilatib sug‘orish tizimlari joriy etilib, ushbu maqsadlar uchun 26 milliard so‘m kredit mablag‘lari va 3,1 milliard so‘m tashabbuskorlarning o‘z mablag‘lari yo‘naltirildi.
Muzrobod tumanida esa 3 ming gektar maydonda Xitoy investorlari tomonidan 38,5 milliard so‘mlik investitsiyalar jalb qilindi. Termiz tumanida esa 32,9 milliard so‘mlik xorijiy investitsiyalar hisobiga tomchilatib sug‘orish tizimlari ishga tushirildi.
Tomchilatib sug‘orish texnologiyasining joriy etilishi hisobiga, 35–40 foiz suv tejalishiga erishilmoqda. Agar avval an’anaviy usulda bir gektar g‘o‘za uchun 4,5–6 ming kub metr suv sarflangan bo‘lsa, tomchilatib sug‘orishda bu ko‘rsatkich 3–3,5 ming kub metrni tashkil etmoqda.
Eng muhimi, zamonaviy texnologiyalar nafaqat suvni tejash, balki iqtisodiy samaradorlikni oshirishga ham xizmat qilmoqda. Xususan, tomchilatib sug‘orish joriy etilgan maydonlarda hosildorlik an’anaviy sug‘orish usullariga nisbatan o‘rtacha 50–55 foizga yuqori bo‘lmoqda.
Suv resurslarini boshqarish masalasi nafaqat milliy, balki mintaqaviy ahamiyatga ham ega. Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekistonning 2027–2029-yillarda Xalqaro Orolni qutqarish jamg‘armasiga raislik qilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Raislik konsepsiyasida jamg‘arma faoliyatini modernizatsiya qilish, suv tejash va ekologik tiklanish bo‘yicha aniq ko‘rsatkichlar tizimini joriy etish, xalqaro moliyaviy resurslarni keng jalb qilish hamda mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish vazifalari ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, suvdan oqilona foydalanish va suv madaniyatini yuksaltirish maqsadida O‘zbekiston tashabbusi bilan 2026–2036-yillarni “Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar o‘n yilligi” deb e’lon qilish hamda “Kelajak suvi” mintaqaviy dasturini amalga oshirish taklif etilmoqda. Ushbu tashabbuslar doirasida suv iste’molchilari, suv xo‘jaligi mutaxassislari, yoshlar va aholi o‘rtasida suvni tejash, undan samarali foydalanish, zamonaviy suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash va mas’uliyatli suv iste’moli madaniyatini shakllantirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda suv xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va loyihalar suv resurslarini asrash hamda ulardan samarali foydalanish uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Zamonaviy texnologiyalar, raqamli yechimlar va ilg‘or yondashuvlarning keng joriy etilishi esa nafaqat O‘zbekistonning, balki butun mintaqamiz suv xavfsizligini ta’minlash va barqaror taraqqiyotiga mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ilhom Jo‘rayev,
Suv xo‘jalagi obyektlarini
ekspluatatsiya qilish agentligi
direktorining birinchi o‘rinbosari
