Agentlik direktorining Qurbon hayiti munosabati bilan tabrigi
2026-05-26 20:20:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Qurbon hayiti — mehr-oqibat, saxovat, bag‘rikenglik va shukronalik kabi ezgu fazilatlarni yanada ulug‘laydigan, insonlarni bir-biriga yaqinlashtiradigan ulug‘ ayyomdir. Ushbu muborak kunlarda yurtimizda o‘zaro hurmat, mehr-muruvvat va hamjihatlik muhiti yanada mustahkamlanadi.
Bugungi kunda mamlakatimizda suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv xo‘jaligi infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda sug‘orish mavsumini samarali tashkil etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ana shu mas’uliyatli jarayonda tizimimiz xodimlari fidoyilik va yuksak mas’uliyat bilan mehnat qilmoqda.
Ayniqsa, sug‘orish mavsumida suv inshootlarining barqaror ishlashini ta’minlash, suvni hududlarga adolatli va uzluksiz yetkazib berish yo‘lida xizmat qilayotgan barcha soha mutaxassislariga chuqur minnatdorlik bildiraman. Sizlarning zahmatli mehnatingiz qishloq xo‘jaligi samaradorligi, oziq-ovqat xavfsizligi va xalqimiz farovonligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Muqaddas Qurbon hayiti xonadonlaringizga tinchlik-osoyishtalik, fayzu baraka va qut olib kirsin. Barchangizga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt va mas’uliyatli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Bayramingiz muborak bo‘lsin!
Hurmat bilan,
Zokir Ishpulatov,
Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari -
Suv xo‘jaligi obyektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi direktori
