“Suv xo‘jaligi sohasida bozor mexanizmlarini keng joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonga sharh
2026-05-26 09:15:00 / Press-relizlar

Mazkur Farmon bilan Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi tashkilotlar hisobidagi suv fondi yerlaridan oqilona foydalanishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi. Bular:
- 2026–2027-yillarda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan 268 ming gektar suv fondi yerlarini xatlovdan o‘tkazish va kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish ishlarini yakunlash;
- 2026–2027-yillarda suv xo‘jaligi tashkilotlari hisobidagi 30 ming gektar suv fondi yerlarini shaffof hamda bozor tamoyillariga asoslangan holda ijaraga berishni tashkil etish;
- suv fondi yerlari uchastkalarini suv xo‘jaligi tashkilotlariga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratish;
- 2027-yil yakuniga qadar suv fondi yerlarida 100 ming nafar aholi bandligini ta’minlash orqali ularga 220 milliard so‘m qo‘shimcha daromad olish manbaini yaratish.
Suv fondi yerlarini ijaraga berishda Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “Suv xo‘jaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish” davlat muassasasi yagona buyurtmachi etib belgilandi. Davlat muassasasi tomonidan suv fondi yerlarini ijaraga berish 2 ta yo‘nalishda amalga oshiriladi:
- suv fondi yerlarining sohilbo‘yi mintaqalaridan turistik xizmatlar va suv bo‘yida plyaj zonalarini tashkil etish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish;
- suv fondi yerlarini tozalash jarayonida qum-shag‘al materiallarini qazib olish.
Farmonga binoan, to‘planib qolgan qum-shag‘al materiallaridan tozalanishi lozim bo‘lgan daryo o‘zanlari va suv xo‘jaligi obyektlari ro‘yxati Suv xo‘jaligi vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining hududiy boshqarmalari tomonidan o‘tkaziladigan o‘rganishlar natijalari asosida shakllantiriladi hamda Suv xo‘jaligi vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining qo‘shma qarori bilan tasdiqlanadi.
Daryo va suv xo‘jaligi obyektlari o‘zanlarini tozalashda qirg‘oqlarning yuvilishiga va yaqin hududlarning suv bosishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan hamda suv oqimiga to‘sqinlik qilayotgan qum-shag‘al materiallari qazib olinishiga ruxsat etiladi.
Suv omborlari va sel-suv omborlari, kanallar, kollektorlar, tabiiy ko‘llar va gidrotexnika inshootlarini tuproq materiallaridan tozalash tadbirlariga tashabbuskor tadbirkorlik subyektlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida jalb qilishga ruxsat etiladi.
Suv omborlari va sel suv omborlarining suvdan bo‘shagan hamda tuproq namligi saqlangan yerlaridan samarali foydalanish maqsadida ushbu yerlar tashabbuskorlarga qisqa muddatga ekin ekishga Davlat muassasasi tomonidan elektron onlayn auksion savdolari orqali ijaraga beriladi.
2026-yil 1-avgustga qadar suv fondi yerlarini ijaraga berish, monitoring qilish, shartnomalar tuzish va hisobotini onlayn yuritish imkonini beruvchi “Suv-fondi-ijara” axborot tizimi ishga tushiriladi va Suv xo‘jaligi vazirligining “Raqamli suv xoʻjaligi” yagona axborot tizimiga integratsiya qilinadi.
Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi:
- suv fondi yerlaridan oqilona va maqsadli foydalanishni nazorat qilish;
- suv fondi yerlari o‘zboshimchalik bilan egallanishining oldi olinishini nazorat qilish yo‘nalishlarida davlat nazoratini amalga oshiradi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Suv xo‘jaligi vazirligi hamda Kadastr agentligi bilan birgalikda:
2026 yil yakuniga qadar begonalashtirilgan hamda jismoniy va yuridik shaxslarga tegishliligi bo‘yicha mulk va ijara huquqi asosida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan suv fondi yerlarini xatlovdan o‘tkazib, ularga bo‘lgan huquqlar qonunchilikda belgilangan tartibda bekor qilinishini hamda ushbu yerlar suv xo‘jaligi obyektlarini ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlarga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratilishini;
suv xo‘jaligi obyektlarini ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlarga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladigan suv fondi yerlaridan tadbirkorlik subyektlari tomonidan vaqtincha foydalanish maqsadida tuzilgan ijara shartnomalari davlat muassasasi hamda suv xo‘jaligi obyektlarini ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlar tomonidan qayta ro‘yxatga olinishini ta’minlaydi.
Ushbu Farmon mamlakatimizda suv fondi yerlaridan foydalanishda tenglik, shaffoflik hamda bozor tamoyillariga asoslangan ilg‘or xorijiy tajribani joriy etgan holda suv fondi yerlaridan qo‘shimcha iqtisodiy samara olish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi.
