Islom sivilizatsiyasi markazi — ilm va ma’naviyat maskani
2026-05-25 16:05:00 / Yangiliklar

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad xodimlarning madaniy hordiq chiqarishini tashkil etish, milliy va diniy merosimiz bilan yaqindan tanishtirish, shuningdek, jamoada ma’naviy muhitni yanada mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Tashrif davomida ishtirokchilar markazda saqlanayotgan noyob qo‘lyozmalar, qadimiy artefaktlar va tarixiy eksponatlar bilan tanishdilar. Ayniqsa, islom dunyosining eng noyob yodgorliklaridan biri sanalgan hazrat Usmon Qur’oni ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Markaz muzeyidagi “Birinchi va Ikkinchi Renessans” bo‘limlari ham ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Unda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Rayhon Beruniy va Ibn Sino kabi buyuk allomalarimizning jahon ilm-fani va sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi zamonaviy texnologiyalar va installyatsiyalar orqali namoyish etildi.
Shuningdek, ishtirokchilar interaktiv o‘quv laboratoriyalari, virtual ko‘rgazmalar, “vaqt kapsulalari”, “vaqt devorlari” hamda ko‘p tilli raqamli axborot manbalari bilan ham tanishib, markaz tarixi va uning ahamiyati haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat muzey, balki yurtimiz tarixi, ilm-fan va ma’naviy merosini keng targ‘ib etuvchi muhim ma’rifat maskani hisoblanadi. Bunday ma’naviy-ma’rifiy sayohatlar yoshlarda milliy g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, ularni bilimli va yuksak ma’naviyatli insonlar etib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.








