PILLAKASHLIK MAHALLASI - OBOD, ZAMONAVIY, XAVFSIZ VA RAQAMLI HUDUD
2026-08-28 18:00:00 / Yangiliklar
Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov Shahrisabz shahrining Pillakashlik mahallasiga tashrif buyurib, hududda kompleks yondashuv asosida amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari hamda aholi uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan tanishdi.

Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov Shahrisabz shahrining Pillakashlik mahallasiga tashrif buyurib, hududda kompleks yondashuv asosida amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari hamda aholi uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan tanishdi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida ko‘p qavatli uy-joylar atrofi obodonlashtirildi, yashil hududlar kengaytirildi, sayr yo‘laklari, dam olish maskanlari, bolalar va sport maydonchalari barpo etildi. Mahallaning umumiy qiyofasi tubdan yangilanib, aholi uchun qulay va fayzli muhit yaratildi.
“Xavfsiz va obod mahalla” tamoyili amalda
Mahallada aholi osoyishtaligi va jamoat xavfsizligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Hudud videokuzatuv kameralari bilan keng qamrab olinib, ularni markazlashgan tarzda kuzatib borish imkonini beruvchi zamonaviy situatsion markaz tashkil etildi.
Shuningdek, favqulodda vaziyatlarda tezkor yordamga murojaat qilish imkonini beruvchi maxsus tashvish tugmasi o‘rnatildi. Bu kabi zamonaviy yechimlar huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash va aholining xavfsizligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mahalla boshqaruvida sun’iy intellekt imkoniyatlari
Pillakashlik mahalla binosida sun’iy intellekt texnologiyalari asosida ishlovchi interaktiv AI-monitor ham o‘rnatildi. Tizim mahalla faoliyatiga oid ma’lumotlar bazasi asosida fuqarolarning savollariga tezkor javob qaytaradi hamda zarur ma’lumotlarni interaktiv tarzda taqdim etadi.
Bu orqali aholiga axborot berish jarayoni yanada qulay va tezkor shaklga keltirilib, raqamli texnologiyalar mahalla boshqaruvi tizimiga tatbiq etildi.
Aholi uchun yangi imkoniyatlar
Mahallada zamonaviy “Nuroniylar maskani” tashkil etilib, nuroniylarning mazmunli hordiq chiqarishi va muloqot qilishi uchun munosib sharoit yaratildi. Maskandagi sport xonasi zamonaviy mashg‘ulot anjomlari bilan jihozlandi.
Shuningdek, alohida kutubxona markazi tashkil etilib, mahalla yoshlari va kitobxonlar uchun mutolaa qilish imkoniyati yaratildi. “Yoshlar bog‘i”, bolalar va sport maydonchalari esa yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi hamda sog‘lom turmush tarziga amal qilishi uchun xizmat qiladi.
Aholining kundalik ehtiyojlarini mahallaning o‘zida qondirish maqsadida savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari ham faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Uzoq vaqt davomida aholi e’tirozlariga sabab bo‘lib kelgan eski chiqindi yig‘ish joyi o‘rnida esa sanitariya talablariga mos zamonaviy chiqindi yig‘ish punkti tashkil etildi. Bu hududda tozalik va ozodalikni ta’minlash uchun yanada qulay sharoit yaratdi.
Viloyat hokimi Murotjon Azimov amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishib, yaratilgan sharoitlar, obodonlashtirish sifati, xavfsizlik tizimi hamda zamonaviy raqamli yechimlarga alohida e’tibor qaratdi.
Bugun Pillakashlik mahallasi — obodlik, xavfsizlik, zamonaviy infratuzilma, ma’rifat, sog‘lom turmush tarzi va raqamli texnologiyalar uyg‘unlashgan yangicha qiyofadagi hududga aylandi. Eng muhimi, barcha yaratilgan sharoitlar inson qadri va aholi farovonligiga xizmat qilmoqda.









