TURIZM SOHASIDAGI HAMKORLIK YANGI BOSQICHGA KO‘TARILADI

Tojikiston Respublikasining Xatlon viloyatida bo‘lib o‘tgan “Xatlon - Sivilizatsiyalar va Turizm Diyori” xalqaro forumi hamda turizm ko‘rgazmasi doirasida hududlararo turizm hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan muhim uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi.
Xususan, Tojikistonning qadimiy Kulob shahri va Shahrisabz shahri o‘rtasida turizm aloqalarini mustahkamlash, o‘zaro sayyohlar oqimini ko‘paytirish hamda istiqbolda birodar shaharlar maqomini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama markazida bo‘ldi.
Muzokaralarda Kulob shahri hokimi Pirzoda Dilovar hamda Qashqadaryo viloyati Turizm boshqarmasi boshlig‘i G‘olib Allaberdiyev ishtirok etib, ikki hududning turizm salohiyati, madaniy merosi va hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunida Shahrisabz va Kulob shaharlari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida maxsus “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va tasdiqlash, shuningdek, Kulob shahri hokimining Shahrisabz shahriga yaqin kunlarda tashrifi davomida birodar shaharlar maqomiga oid tegishli hujjatlarni imzolash yuzasidan kelishuvga erishildi.
Shuningdek, joriy yil iyun oyi yakuniga qadar Shahrisabz shahar va Kulob shaharlari hokimlari ishtirokida videokonferensiya shaklida navbatdagi muloqotni tashkil etish rejalashtirildi.
Mazkur tashabbuslar ikki hudud o‘rtasida turizm, madaniy-gumanitar aloqalar, investitsiyaviy hamkorlik va do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu esa Shahrisabz shahar va Kulobning Markaziy Osiyodagi turizm markazlari sifatidagi nufuzini yanada oshirishga zamin yaratadi.
