Mustaqillik_35yil Shahrisabz shahar hokimi Pillakashlik mahallasida sayyor qabul o‘tkazdi
2026-08-17 11:15:00 / Yangiliklar
Shahrisabz shahar hokimi Sherzod Bo‘riyev Pillakashlik mahallasida navbatdagi sayyor qabulni o‘tkazdi.
Unda shahar prokurori Obidjon Qo‘ldoshev, shahar IIB boshlig‘i Nuriddin Meyliyev, tegishli tashkilot va idoralar mas’ullari hamda mahalla fuqarolari ishtirok etdi. Sayyor qabul davomida aholi tomonidan ko‘tarilgan murojaat va takliflar tinglanib, ularning aksariyati joyida hal etildi. Qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan masalalar yuzasidan mas’ullarga aniq vazifalar belgilandi.
Uchrashuv davomida mahalla ahli so‘nggi paytlarda Pillakashlik mahallasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib, davlatimiz hamda Prezidentimiz tomonidan aholining farovonligini ta’minlashga qaratilayotgan e’tibor uchun minnatdorlik izhor etdilar.
Ta’kidlanganidek, mahallada qisqa muddat ichida keng ko‘lamli o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, bolalar va yoshlar uchun zamonaviy workout maydonchasi, nuroniylar maskani, kutubxona, mini stadion barpo etilmoqda. Ichki yo‘llarga lotoklar o‘rnatilmoqda, ko‘p qavatli uylarning fasadlari zamonaviy mural va tasvirlar bilan bezatilmoqda. Shuningdek, noqonuniy qurilmalar olib tashlanib, hududning me’moriy qiyofasi tartibga keltirilmoqda.
Bundan tashqari, fuqarolarning dam olishi va muloqot qilishi uchun zamonaviy ayvonlar (besetkalar) barpo etilishi ham rejalashtirilgan. Mahallaning o‘ziga xos qiyofasini aks ettiruvchi yangi “Pillakashlik” stellasi ham o‘rnatildi. Ayni paytda stella uchun yakuniy yozuv va bezak elementlarini o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.
Bugungi kunda Pillakashlik mahallasida olib borilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari mahalla qiyofasini tubdan o‘zgartirib, aholi uchun yanada qulay va obod yashash muhitini yaratishga xizmat qilmoqda.








