Mustaqillikning 35 yilligiga munosib sovg‘a
2026-07-07 17:45:00 / Yangiliklar
Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Shahrisabz shahrida bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari izchil davom etmoqda.
Shahrimizning Tutzor mahallasi, Tibbiyot texnikumi yaqinida Furqat Abduhakimov rahbarligidagi “Jamshid Maryam o‘g‘li” MChJ quruvchilari tomonidan zamonaviy uslubda bunyod etilayotgan “Registon” milliy taomlar restorani ana shunday yirik loyihalardan biridir.
Umumiy yer maydoni 65 sotixni tashkil etadigan mazkur maskanda qurilish ishlari yakuniy bosqichga kirgan bo‘lib, ayni paytda so‘nggi pardozlash ishlari olib borilmoqda. Restoran hududida palma daraxtlari, zamonaviy favvoralar, tungi yoritish tizimlari, shinam piyodalar yo‘laklari hamda keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Bugun Shahrisabz shahar hokimi Sherzod Bo‘riyev Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan ushbu inshootdagi qurilish jarayonlari bilan tanishdi. Ko‘zdan kechirish davomida ayrim kamchiliklarga e’tibor qaratilib, ularni qisqa muddatlarda bartaraf etish yuzasidan quruvchilarga zarur tavsiyalar va aniq ko‘rsatmalar berildi.
Ushbu zamonaviy restoran nafaqat shahar infratuzilmasini yanada boyitadi, balki milliy gastronomiya va turizm salohiyatini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda aholiga sifatli xizmat ko‘rsatishda muhim ahamiyat kasb etadi.





