Gastronomik turizm ko‘chasi tashkil etilmoqda
2026-07-07 18:45:00 / Yangiliklar
Buyuk bobokalonimiz Amir Temur: “Tadbirkor, mard, shijoatli va hushyor bir kishi minglab loqayd kishidan afzaldir”, deya tadbirkorlikning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rniga yuksak baho bergan.
Bugungi kunda Shahrisabz shahrida ham ushbu ezgu tamoyillar amalda o‘z ifodasini topmoqda. Shaharning Yangi masjid ro‘parasida joylashgan Sariosiyo MFY, Xo‘jamurodbaxshi ko‘chasini gastronomik turizm ko‘chasiga aylantirish bo‘yicha keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda.
Loyiha doirasida zamonaviy maishiy va ko‘ngilochar inshootlar bunyod etilmoqda. Mazkur hududda 24/7 rejimida faoliyat ko‘rsatadigan zamonaviy restoran qurilishi ham jadal davom etmoqda. Ushbu qurilish ishlari “Kesh Universal Stroy Group” MCHJ rahbari, tadbirkor Sherali Xudayberdiyev tomonidan amalga oshirilmoqda.
Qurilish jarayonlari bilan tanishgan Shahrisabz shahar hokimi Sherzod Bo‘riyev sohaga aloqador mutaxassislar bilan birgalikda namunali ko‘chada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan loyihalarni batafsil muhokama qildi.
Mazkur gastronomik ko‘chada piyodalar yo‘laklari, avtomobillar uchun avtoturargohlar, savdo va umumiy ovqatlanish shoxobchalari, favvoralar, zamonaviy tungi yoritish tizimlari hamda obodonlashtirish elementlari barpo etilishi rejalashtirilgan.
Ko‘zdan kechirish jarayonida shahar hokimi yaqin muddatlarda bajarilishi zarur bo‘lgan vazifalarga alohida e’tibor qaratib, mas’ullarga aniq topshiriq va tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Mazkur loyiha Shahrisabz shahrining turizm salohiyatini yanada yuksaltirish, aholi va sayyohlar uchun zamonaviy, qulay hamda jozibador maskan yaratishga xizmat qiladi.




