YOSHLAR KUNI ARAFASIDA YOSHLAR BILAN OCHIQ MULOQOT O‘TKAZILDI
2026-06-11 18:20:00 / Yangiliklar
Payshanba - Yoshlar kuni munosabati bilan Shahrisabz shahridagi KOICA o‘quv markazida shahar yoshlarining muammo va takliflarini o‘rganishga bag‘ishlangan ochiq muloqot tashkil etildi.
Mazkur uchrashuvda Shahrisabz shahar hokimi Sherzod Bo‘riyev, shahar faollari hamda mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etib, yoshlar bilan yuzma-yuz suhbat qildi.
Muloqot davomida yoshlar tomonidan tadbirkorlik faoliyatini boshlash va kengaytirish uchun imtiyozli kreditlar ajratish, doimiy ish o‘rinlari yaratish, kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish, xalqaro festival va tanlovlarda ishtirok etish uchun moliyaviy ko‘mak berish, shuningdek, uy sharoitida tikuvchilik faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida tikuv mashinalari bilan ta’minlash kabi masalalar ko‘tarildi.
Har bir murojaat atroflicha muhokama qilinib, yoshlarni qiynayotgan muammolarni hal etish bo‘yicha tegishli mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi. Ayrim murojaatlar yuzasidan amaliy yordam ko‘rsatish choralari belgilandi hamda ijrosi nazoratga olindi.
Ta’kidlanganidek, yoshlarning bandligini ta’minlash, ularning tashabbus va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi uchun zarur sharoitlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Bunday ochiq muloqotlar yoshlarning muammolarini o‘rganish, ularni hal etish hamda yoshlar va davlat idoralari o‘rtasidagi samarali hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.







