Qarshida “Bunyodkor” nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi ochildi
2025-08-27 17:25:00 / Yangiliklar

Qarshi shahrida zamonaviy “Bunyodkor” nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi foydalanishga topshirildi. 6 milliard so‘mlik loyiha tadbirkor Lochinbek Saidov tashabbusi bilan amalga oshirildi.
Bog‘cha zamon talablari darajasida jihozlanib, yorug‘ va shinam xonalar, yozgi va qishki o‘yingohlar bilan ta’minlangan. Muassasa 200 nafar bolajonni qabul qilish imkoniyatiga ega. Loyiha ishga tushirilishi natijasida 30 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Mazkur bog‘chaning o‘ziga xos jihati – bolalarni sog‘lomlashtirishga alohida e’tibor qaratilishidir. Shu maqsadda muassasada tuzli xona, massaj va gidrovanna xonalari, fizioterapiya, logoped hamda psixolog xonalari tashkil etilgan. Shuningdek, rus va ingliz tillari, mental arifmetika, gimnastika va taekvondo to‘garaklari ham faoliyat yuritadi. Bu esa bolajonlarning sog‘lom va har tomonlama barkamol bo‘lib voyaga yetishlariga xizmat qiladi.
Ochilish marosimida viloyat hokimi Murotjon Azimov, Qarshi shahar hokimi, viloyat faollari, nuroniylar, keng jamoatchilik vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etdilar.









