TARAQQIYOT MAHALLASIDA KENG KO‘LAMLI ISHLAR AMALGA OSHIRILMOQDA
2026-04-09 21:00:00 / Yangiliklar

Yoshlar kuni munosabati bilan Qarshi shahri hokimi Normo‘min Xolboyev “Taraqqiyot” mahallasida joylashgan 51-sonli umumta’lim maktabiga tashrif buyurib, o‘quvchi-yoshlar hamda pedagoglar bilan uchrashdi. Muloqot davomida ularning fikr-mulohaza va takliflari tinglandi.
Shuningdek, hokim ta’lim muassasasida yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Tadbirda shahar prokurori Sobirjon Temirov hamda Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Farrux Ibragimov ishtirok etdi.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yili mazkur maktabda 9 milliard 387 million so‘m mablag‘ evaziga 330 o‘rinli yangi o‘quv binosi, sport zali, stadion, oshxona, kutubxona, 60 o‘rinli faollar zali hamda zamonaviy kompyuter xonasi qurilib, foydalanishga topshirilgan. Bugungi kunda ushbu ta’lim maskani mahalla yoshlarining sifatli ta’lim olishi, sport bilan shug‘ullanishi hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga xizmat qilmoqda.
Uchrashuv yakunida mas’ullar tomonidan to‘garaklar faoliyatini yanada rivojlantirish, yoshlarni kitobxonlik va sportga keng jalb etish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Shu kuni “Taraqqiyot” mahallasida 210 o‘rinli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti ham foydalanishga topshirildi. Mazkur bog‘cha “Mening bog‘cham” loyihasi doirasida 5,5 milliard so‘m mablag‘ evaziga bunyod etilib, 210 nafar bolani qamrab olish imkoniyatiga ega.
Bog‘chaning tantanali ochilish marosimida Qarshi shahri hokimi, shahar prokurori, Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, mahalla faollari, nuroniylar, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Tadbir davomida ishtirokchilar maktabgacha ta’lim tashkilotida yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
Ta’kidlash joizki, ushbu hududda ilgari davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti mavjud emas edi. Yangi bog‘chaning ishga tushirilishi mahalla aholisi, ayniqsa yosh oilalar uchun muhim qulaylik yaratdi.
Shuningdek, mahalla aholisi uchun yana bir muhim yangilik — markazlashgan toza ichimlik suvi ta’minoti yo‘lga qo‘yildi. 2022-yilda Arabxona mahallasidan ajralib chiqqan hududda bugungi kunda 4318 nafar aholi istiqomat qilmoqda.
Aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida davlat byudjetidan jami 7 milliard 943 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Loyiha doirasida 1096 ta xonadonga suv yetkazish uchun 36,7 kilometr ichki tarmoqlar tortilib, zamonaviy suv hisoblagichlar o‘rnatildi. Shuningdek, zaxira suv yig‘ish inshooti barpo etilib, markaziy tarmoqqa ulandi.
Natijada uzoq yillik muammo o‘z yechimini topib, xonadonlarga ichimlik suvi yetkazib berish boshlandi va bu mahalla aholisiga katta quvonch bag‘ishladi. Qarshi shahri mas’ullari ham hududni aylanib, aholining ushbu quvonchiga sherik bo‘ldilar.
Bundan tashqari, Prezidentimizning 2026-yil 5-fevraldagi PQ-49-sonli qaroriga muvofiq, “Taraqqiyot” mahallasi infratuzilmasini tubdan yaxshilash maqsadida 3 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.
Mazkur qaror ijrosi doirasida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish, ijtimoiy infratuzilma obyektlarini rivojlantirish hamda aholi uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshiriladi.
Xususan:
▪️1 dona 250 kVA quvvatga ega qo‘shimcha transformator o‘rnatish;
▪️41 dona eskirgan ustunlarni yangilash;
▪️1,2 km uzunlikdagi 0,4 kV havo elektr tarmog‘ini qurish;
▪️1,5 km tuproq yo‘llarni shag‘allashtirish;
▪️3,5 km yo‘llarni asfaltlashtirish;
▪️1,7 km piyodalar yo‘laklari qurish va 50 dona quyosh panelli yoritish chiroqlari o‘rnatish;
▪️1 dona artezian qudug‘i qazish hamda 700 metr suv tarmog‘i tortish;
▪️2,5 km gaz tarmog‘ini tartibga keltirish;
▪️6 dona GRP ni demontaj qilish va 223 ta xonadonni 2 bosqichli gaz tizimiga o‘tkazish rejalashtirilgan.
Bugun Qarshi shahri hokimi Normo‘min Xolboyev yangi bog‘chaning ochilish marosimida ishtirok etib, jamoatchilikka ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan va rejalashtirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.








