Qarshi shahri “Shayxali” mahallasida infratuzilma yanada yaxshilanadi
2026-04-06 21:15:00 / Yangiliklar

Qarshi shahrining “Shayxali” mahallasida “og‘ir” mahallalarni rivojlantirish dasturi doirasida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshiriladi. Mazkur loyiha uchun jami 3 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.
Ajratilgan mablag‘lar hisobidan hududda quyidagi ishlar bajariladi: 3 kilometr elektr tarmog‘i tortiladi, 1 dona transformator o‘rnatiladi, 20 ta tungi yoritish chiroqlari o‘rnatiladi. Shuningdek, 1 dona artezian qudug‘i qazilib, nasos o‘rnatiladi, 1 kilometr sug‘orish tarmog‘i tortiladi. Aholi uchun qulaylik yaratish maqsadida 1 kilometr piyodalar yo‘lakchasi barpo etilib, 3,8 kilometr ichki yo‘llar asfalt qilinadi.
Bugun Qarshi shahar hokimi Normo‘min Xolboyev “Shayxali” shaharcha fuqarolar yig‘inida bo‘lib, hududdagi mavjud holatni o‘rgandi. O‘rganish davomida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar yuzasidan taqdimot ham o‘tkazildi.
Bundan tashqari, mahalladagi bo‘sh turgan binolarda davlat-xususiy sheriklik asosida xizmat ko‘rsatish obyektlarini tashkil etish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda sport maydonchalarini qurish rejalashtirilmoqda.
O‘rganishlar davomida shahar hokimi ko‘p qavatli uylar aholisi bilan uchrashib, ularning murojaat va takliflarini tingladi. Aniqlangan muammolarni hal etish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.






