Hokim va yoshlar uchrashuvi
2026-02-05 15:40:00 / Yangiliklar

Qarshi shahrida “Hokim va yoshlar uchrashuvi” doirasida navbatdagi muloqot tashkil etildi. Unda Qarshi shahri hokimi Normo‘min Xolboyev ishsiz yoshlar bilan bevosita uchrashib, ularning bandligini ta’minlash, muammolarini o‘rganish va yechimlar belgilash masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Uchrashuvda shahar prokurori, Migratsiya agentligi Qashqadaryo viloyati hududiy filiali rahbari, tegishli tashkilot va idoralar mas’ullari hamda ish beruvchi korxonalar vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida ishsiz yoshlar bandligini ta’minlash, ularni kasbga yo‘naltirish va mehnat bozoriga moslashtirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, Migratsiya agentligi Qashqadaryo viloyati hududiy filiali rahbari tomonidan xorijda ishlash istagida bo‘lgan yoshlar uchun Germaniya, Yaponiya, Koreya kabi davlatlarda mavjud bo‘lgan kafolatlangan ish o‘rinlari, mehnat shartlari hamda xorijiy tillarni o‘rganish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, Qarshi shahar kasbiy ko‘nikmalar markazida yoshlar uchun zamonaviy, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etilgani ta’kidlandi. Mashg‘ulotlar tajribali mutaxassislar tomonidan nazariya va amaliyot uyg‘unligida, zamonaviy texnika va jihozlar bilan jihozlangan o‘quv xonalarida olib borilishi qayd etildi.
Uchrashuvda Qarshi shahrining o‘zida ham yoshlar bandligini ta’minlash uchun keng imkoniyatlar mavjudligi alohida ta’kidlandi. Ish beruvchi korxonalar vakillari tomonidan mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, mehnat sharoitlari, kasb o‘rganish imkoniyatlari hamda oylik ish haqlari to‘g‘risida yoshlarga batafsil ma’lumot berildi.
Uchrashuv davomida 221 nafar ishsiz yoshlar tegishli tashkilot va idoralar rahbarlariga biriktirilib, ularning bandligini ta’minlash bo‘yicha manzilli va aniq chora-tadbirlar belgilab olindi. Mazkur vazifalar ijrosi mas’ullarning doimiy nazoratiga olindi.









