Qarshi shahrida zamonaviy savdo va ko‘ngilochar maskan foydalanishga topshirildi
2025-12-22 20:50:00 / Yangiliklar

Qarshi shahrida “Sulton Golden House” MCHJ tomonidan amalga oshirilayotgan, umumiy qiymati 19,2 million AQSH dollariga teng bo‘lgan “Sulton Saroy” turar joy majmuasi loyihasi doirasida yangi inshootlar foydalanishga topshirildi.
Mazkur loyiha asosida 678 ta xonadonga mo‘ljallangan ko‘p qavatli turar joy binolari, aholi uchun qulay zamonaviy ko‘ngilochar dam olish maskani hamda 240 o‘rinli yer osti avtoturargohi barpo etilmoqda.
Yangi yil bayrami arafasida majmuaning birinchi qavatida joylashgan zamonaviy supermarket, shuningdek, sartaroshxona, dorixona, stomatologiya va kiyimlarni kimyoviy tozalash xizmati o‘z faoliyatini boshladi. Binoning ikkinchi qavatida esa bolajonlar uchun eng zamonaviy talablarga javob beradigan bolalar o‘yingohining ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi Murotjon Azimov, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Ochilish marosimi bayramona ruhda o‘tib, chiroyli bezatilgan Yangi yil archasi atrofida tashkil etilgan konsert dasturi bilan davom etdi. Konsert dasturida taniqli estrada xonandalari Oybek va Nigora o‘z ijrolari bilan tadbir ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat ulashdilar.









