Bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlashda tomorqa yer masalasi ham o‘rganiladi
2023-10-13 17:00:00 / Jamg'arma yangiliklari
Kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlash uchun oilaning voyaga yetgan barcha mehnatga layoqatli aʻzosini rasmiy ish bilan band bo‘lishi talab etiladi. Agar oilaning mehnatga layoqatli a’zosidan biri rasmiy ish bilan band bo‘lmasa nafaqa yoki moddiy yordam tayinlash rad etiladi.
Bunda, amaldagi tartib bo‘yicha oilaning tomorqa yer maydoni mavjud bo‘lganda har 4 sotix yerga bir oila aʻzosi avtomatik ravishda band deb belgilanadi hamda rasmiy daromad talab etilmaydi.
Maʻlumot uchun: Tomorqa yer va/yoki dehqon xo‘jaligini yuritishdan olingan daromad miqdori sifatida bir sotix yer maydoni uchun mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining (980 ming so‘mning) 0,035 baravari - 34,3 ming so‘m normativ daromad hisoblandi.
Hozirda 326 ming dan ortiq oilalarga aynan oila aʻzolari avtomatik ravishda band deb belgilanganligi sababli nafaqalar tayinlangan. Lekin shuni alohida taʻkidlash lozimki, ushbu oilalarning aʻzolari ishga joylashish, faoliyatlarini yakka tartibdagi tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilish orqali rasmiylashtirish choralarini ko‘rishmagan.
Natijada, amaliyotda o‘ziga to‘q katta xovliga ega bo‘lgan yoki tomorqasidan umuman foydalanmagan oilalarga ham nafaqa tayinlanishi hamda aholi o‘rtasida tizimga nisbatan ishonch kamayishiga sabab bo‘lmoqda.
Misol uchun, 3 farzandlik oilaning 8 sotix yer maydoni mavjud va er-xotin norasmiy daromad oladi. Bunda, er va xotindan bandlik talab etilmaydi va 8 sotix yer uchun 274,4 ming so‘m normativ daromad hisoblanadi. Normativ daromad oiladagi bir kishi (54,8 ming so‘m) uchun eng kam isteʻmol xarajatidan kam bo‘lganligi sababli nafaqa tayinlanadi.
Amaldagi tartibga muvofiq, tomorqada band bo‘lgan fuqarolar ihtiyoriy ravishda soliq organida o‘zini-o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tish tartibi mavjud. Bunda, o‘zini-o‘zi band qilgan sifatida ro‘yxatdan o‘tgan fuqaroga bir yilda bazaviy hisoblash miqdorining 1 barobari (330 ming so‘m) ijtimoiy soliq to‘lagan taqdirda nafaqa tayinlashda “band” sifatida qabul qilinadi hamda pensiya hisoblashda 1 yillik ish stajiga ega bo‘ladi.
Maʻlumot uchun: o‘zini-o‘zi band qilgan fuqaroning daromadini aniqlash imkoniyati mavjud emasligi sababli, nafaqa tayinlashda unga normativ daromad - bir oy uchun mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 2 barobari (1 960 ming so‘m) miqorida daromad olgan deb hisoblanadi.
