Prezident tabrigi va sovg‘alari urush qatnashchilari va front orti faxriylariga yetkazildi
2025-05-08 / Voqealar taqvimi

Ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan ulug‘ qadriyatlarimizdan biri – keksalarni e’zozlash, ulug‘lash va ularga alohida ehtirom bilan munosabatda bo‘lishdir. Zero, ulug‘ yoshdagi insonlar har bir oila, mahalla va jamiyatning fayzi, barakasi, hayot maktabi hisoblanadi. Shu bois, yurtimizda har qanday e’tibor va hurmatga munosib bo‘lgan faxriylarimizni qadrlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan respublikamiz bo‘ylab Ikkinchi jahon urushida qatnashgan va urush frontida mehnat qilgan nuroniy otaxon va onaxonlarimizga pul mukofotlari tantanali ravishda topshirildi.
Xususan,
1. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 10 000 (o‘n ming) AQSH dollari miqdorida;
2. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslarning har biriga 25 000 000 (yigirma besh million) so‘m miqdorida;
3. 1941–1945-yillardagi urush davridagi mehnat fronti qatnashchilarining har biriga 3 000 000 (uch million) so‘m miqdorida pul mukofotlari o‘z egalariga taqdim etildi.
Shuningdek, tegishli mutasaddi vakillar tomonidan faxriylarimizga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bayram tabrigi tantanali ravishda o‘qib eshittirildi.
Ushbu xayrli tashabbus nafaqat faxriylarimizga hurmat-e’tibor ifodasi, balki yosh avlod uchun ham ibrat namunasidir.









