Toshkentda O‘zbekiston va Gruziya Bosh vazirlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
2025-03-05 19:45:00 / Yangiliklar

So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasida o‘zaro ishonch va hurmat tamoyillariga asoslangan do‘stona munosabatlar barcha sohalarda izchil rivojlanib bormoqda. Iqtisodiyotning turli sohalarida hamkorlik sezilarli darajada faollashyapti. O‘zaro savdo hajmi ortib, qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Madaniy-gumanitar hamda hududlararo aloqalar kengaymoqda.
Hukumatlar oldida ana shu sohalarda erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida bajarish hamda ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha yangi takliflar ishlab chiqish asosiy vazifa sifatida turgani ta’kidlandi.
Bunda asosiy e’tiborni uch yo‘nalishga, ya’ni, savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish, investitsiya va kooperatsiya loyihalari ko‘lamini kengaytirish, transport-logistika tizimini yanada yaxshilashga qaratish lozimligi qayd etildi.
Shundan kelib chiqib, uchrashuvda tovar ayirboshlash hajmi va uning tarkibi mamlakatlarimiz salohiyatiga mos emasligi, O‘zbekiston-Gruziya o‘rtasidagi Erkin savdo kelishuvi imkoniyatlarini to‘liq ishga solib, yaqin yillarda savdo hajmini 1 milliard dollarga yetkazish uchun barcha zarur shart-sharoitlar mavjudligiga e’tibor qaratildi.
Bunday natijaga to‘qimachilik, poyabzal va charm, elektrotexnika, oziq-ovqat mahsulotlari, rangli va qora metallar, meva-sabzavot, kimyo mahsulotlari, qurilish materiallari va boshqa tovarlar oldi-sotdisiga keng yo‘l ochish orqali erishish mumkinligi bildirildi.
Hukumatlar delegatsiyalari uchrashuvida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy yo‘nalishlardan tashqari, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, ta’lim, turizm, madaniy-gumanitar sohalarida ham o‘zaro munosabatlarni yanada yaxshilash ikki davlat manfaatlariga birdek mos kelishi ta’kidlandi.
Shuningdek, hududlararo hamkorlik o‘zaro munosabatlarning muhim omili bo‘lishi mumkinligi, shu ma’noda, Samarqand va Batumi, Buxoro va Msxeta shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishi ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalar rivojiga salmoqli hissa qo‘shishiga ishonch bildirildi.
Ma’lumot uchun, kunning birinchi yarmida Toshkent shahrida O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning o‘ninchi yig‘ilishi o‘tkazilib, uning doirasida Hukumatlararo komissiyaning o‘ninchi yig‘ilishi bayoni, Davlat xaridlari sohasida hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumi, Qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” imzolandi.