J.Xodjayev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Qobulda bo‘ldi
2023-10-31 09:30:00 / Yangiliklar
Uchrashuv chog‘ida bosh vazir o‘rinbosarlari O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga doir qator masalalarni muhokama qilishdi.
Bundan tashqari, Qobul shahrida O‘zbekiston va Afg‘oniston vazirlik va idoralari ishtirokida kengaytirilgan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, unda savdo-iqtisodiy va boshqa sohalardagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Mamlakatimiz delegatsiya tarkibidan O‘zbekistonning energetika, suv xo‘jaligi, konchilik sanoati va geologiya, qishloq xo‘jaligi, investitsiya, sanoat va savdo, transport, tashqi ishlar vazirliklari, shuningdek, bir qator boshqa idoralar, tarmoq agentliklari hamda uyushmalari rahbarlari o‘rin oldi.
Qobulda o‘tkazilgan uchrashuvlarda "Surxon – Puli-Xumri" elektr uzatish tarmog‘i qurilishi loyihasini amalga oshirish, O‘zbekistonning Qobul va Mozori Sharif shaharlaridagi savdo uylari faoliyatini qayta tiklash va jonlantirish, Afg‘onistonda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ vakolatxonasini ochish, shuningdek, xalqaro yuk tashish, bojxona nazorati hamda foydali qazilmali konlarni o‘rganish va rivojlantirish istiqbollariga oid boshqa masalalar muhokama qilindi.
O‘zbekiston delegatsiyasining Qobulga tashrifi doirasida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi, shuningdek, ikki mamlakatning davlat idoralari va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida “B2B” hamda “G2B” formatidagi uchrashuvlar o‘tkazildi.
Natijalarga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik sanoati, transport-logistika, kimyo sanoati, farmasevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, charm-poyabzal, elektrotexnika sanoati kabi sohalarda 1 mlrd 185 mln so‘mlik eksport-import shartnomalari va bitimlar imzolandi.