Vazirlik haqida
Energetika vazirligi: Maqsadlar, vazifalar, rejalar va yutuqlar
Zamonaviy O‘zbekistonni rivojlantirishning muhim shartlaridan biri ko‘p jihatdan energiya xavfsizligiga erishish bilan bog‘liq bo‘lgan mamlakatning iqtisodiy barqarorligi hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasini 2017 – 2021-yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish mamlakat rivojlanishining muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘zda tutilgan. Kuchli energetika siyosati milliy iqtisodiyotning raqobatdoshligini oshirish uchun zamin yaratadi. Shu munosabat bilan hozirgi vaqtda yoqilg‘i-energetikadek iqtisodiyotning yetakchi sohasida tarkibiy o‘zgarishlar, modernizatsiya va diversifikatsiya jarayonlari davom etmoqda. Davlatimiz rahbarining 01.02.2019-yildagi “O‘zbekiston Respublikasi yoqilg‘i-energetika sohasini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5646-sonli qaroriga binoan O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligining tashkil etilishi ushbu yo‘nalishda muhim qadam bo‘ldi.
Energetika vazirligi elektr va issiqlik energiyasini, ko‘mirni ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va iste’mol qilish, shuningdek neft, gazni qazib olish, ularni qayta ishlash, tashish, tarqatish, sotish va ulardan foydalanish jarayonlarini davlat tomonidan tartibga solinishini amalga oshiradi. Energetika vazirligi oldiga bir qator, vazifalar qo‘yilgan:
- energetika sohasini muvofiqlashtirish;
- mahsulot taqsimoti bo‘yicha bitimlar tuzish va ularning bajarilishini nazorat qilish;
- energiya manbalarini qazib olish va ishlab chiqarish jarayonlariga xususiy kapitalni jalb qilish;
- DXShni (davlat-xususiy sherikligi) rivojlantirish;
- raqobatbardosh biznes muhitini shakllantirish, energiya manbalarini ishlab chiqarishni ko‘paytirish va diversifikatsiya qilish maqsadida tarif siyosatini takomillashtirish;
- energetika sohasida zamonaviy korporativ boshqaruvni, shu jumladan, Jahon bankining ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirishni nazarda tutuvchi taklifini hisobga olgan holda joriy etish.
Qanday ishlar amalga oshirildi?
Mamlakat Prezidentining tashabbusi bilan energetika sohasini isloh qilish maqsadida “O‘zbekenergo” AJda tubdan qayta qurish amalga oshirildi.
“O‘zbekenergo” AJ negizida uchta: “Issiqlik elektr stansiyalari”, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlari tashkil etildi. Ushbu qayta tashkil etishdan maqsad elektr energiyasini ishlab chiqarish, tashish, taqsimlash va sotishni tashkil etishning zamonaviy usullariga o‘tishdir.
2019-yilning may oyida O‘zbekiston Respublikasining “Qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida”gi, shuningdek, “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonunlarining qabul qilinishi mamlakat elektr energetikasi sohasida muhim qadam bo‘lib, bu qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasidagi loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish uchun huquqiy asos yaratadi.
Energetika vazirligi tomonidan 2019 – 2023-yillarda O‘zbekiston Respublikasida Qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqildi.
Energetika vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda xalqaro moliya institutlari (Jahon banki, Osiyo Taraqqiyot Banki)ning texnik ko‘magi bilan mamlakatni 2020 – 2030-yillarda yoqilg‘i va energiya bilan ta’minlash konsepsiyasini ishlab chiqildi.
Xalqaro konsultant – “MottMacDonald” (Buyuk Britaniya) bilan birgalikda O‘zbekistonda elektr energiyasini, shu jumladan qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasini uzoq muddatli rivojlantirish bo‘yicha bosh reja (MasterPlan) ishlab chiqildi.
Shuningdek, neft va gaz tizimini keng miqyosda qayta tashkil etishning eng muhim jarayoni boshlandi. Bu borada, birinchi navbatda, “O‘zbekneftgaz” tarkibidan chiqarilib aksiyalari davlat ixtiyoriga o‘tkazilayotgan “O‘ztransgaz”ni istisno etganda, “O‘zbekneftgaz”ga qo‘shma kompaniyalarni birlashtirish yo‘li bilan boshqaruv tizimidagi ortiqcha oraliqlar qisqartirildi.
Bugungi kunda Energetika vazirligida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
2020 – 2030-yillarda O‘zbekiston yoqilg‘i-energetika ta’minoti strategiyasini va 2019–2021-yillarda elektr energetikasini kompleks raqamlashtirish dasturini ishlab chiqish boshlangan bo‘lib, unda korxonalar resurslarini rejalashtirishni avtomatlashtirish (ERP) va dispetcherlik nazorati va ma’lumotlarni yig‘ish (SCADA) jarayonlari ko‘zda tutilgan.
O‘zbekistonda elektr energetika sohasini rivojlantirishning asosiy ustuvor masalalaridan biri – to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan holda issiqlik elektr stansiyalari (IES), atom energetikasi, qayta tiklanadigan energiya manbalari (QTEM) kabi sohalarda ishlab chiqarish ob’ektlarini rivojlantirish hisoblanadi.
Mamlakatda yana bir muhim loyiha – “Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini (ASKUE) joriy etish” hamda “Tabiiy gazni hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi” jadal sur’atlar bilan amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2021-yil birinchi choragiga qadar 7 milliondan ortiq iste’molchilarga zamonaviy elektr hisoblagichlar va 2021-yil birinchi yarim yilligiga qadar 3,5 milliondan ortiq iste’molchilarga tabiiy gaz hisoblagichlarni o‘rnatish ishlari yakunlanadi.
Yaqinda qabul qilingan qonunga muvofiq, davlat-xususiy sheriklik (DXSh) shartlari asosida bir qator investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha ishlar olib borilyapti.
Energetika vazirligi, shuningdek energiya tejashni doimiy ravishda rag‘batlantirishga, tegishli texnologiyalarni joriy etishga va energiya tejashning ahamiyati to‘g‘risida aholining xabardorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ham amalga oshirmoqda.
“O‘zenergoinspeksiya” mutaxassislarining fikricha, bugungi kunda har bir uyda yiliga o‘rtacha 400 kVt/soat elektr energiyasini tejash imkoniyati mavjud. Agar har bir oila 400 kVt elektr quvvatini tejasa, u holda respublika bo‘yicha tejalgan elektr quvvati miqdori 1,8 mlrd kVt·soatni tashkil qiladi. Shu tarzda tejalgan elektr energiyasi, masalan, Jizzax yoki Sirdaryo viloyatlarini yil davomida elektr energiyasi bilan ta’minlashga yetadi.
Energetika vazirligi: 2030-yilgacha – o‘n yilga mo‘ljallangan rejalar
Elektr energetikasi sohasida hozirgi kunda respublikaning ishlab chiqarish quvvati 14,1 ming MVt dan oshadi.
Ushbu ishlab chiqarish quvvatlarining asosiy qismi yoki 85,8% issiqlik elektr stansiyalari hissasiga to‘g‘ri keladi. 2030-yilga kelib, maksimal iste’mol qilinadigan soatlarda jami elektr quvvati 2018-2019-yillar kuz-qish davridagi 11 ming MVt dan 20 ming MVt ga oshdi. Shu tarzda, 2030-yilga kelib, mamlakat energiya sig‘imini qariyb 1,8 baravar oshirishga to‘g‘ri keladi.
Elektr energetikasi sohasida 2019 – 2030-yillarga mo‘ljallangan yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish dasturiga muvofiq, 2030-yilda birgina issiqlik elektr stansiyalarida 15,6 GVt quvvatga ega bo‘lgan yangi va modernizatsiya qilingan ishlab chiqarish quvvatlari foydalanishga topshiriladi.
Shu bilan birga, issiqlik elektr stansiyalarida quvvati 6,4 GVt ga teng bo‘lgan jismonan eskirgan ishlab chiqarish quvvat va uskunalarini foydalanishdan chiqarish taxmin qilinyapti. Shu tarzda, 2030-yilga borib ularning o‘rnatilgan quvvati 78,9 ming MVtga yetadi (ya’ni, 6,8 ming MVtga oshadi).
Bugungi kunda 2030-yilgacha bo‘lgan davrda energetika tizimining ishlab chiqarish quvvatini oshirish maqsadida Energetika vazirligi yirik investitsiya loyihalari ustida ishlamoqda. Jumladan, umumiy quvvati qariyb 10 GVt bo‘lgan zamonaviy energiya bloklarini qurish (Sirdaryo, Navoiy, Tolimarjon, Taxiatosh, To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyalari va boshqalar).
Qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanadigan elektr stansiyalarini qurish, quyosh va shamol elektr stansiyalarining umumiy ulushini 21% gacha yetkazish.
Gaz-turbina qurilmalar yoki umumiy quvvati taxminan 3 GVt bo‘lgan aviatsiya gaz turbinalari bazasida manevrli ishlab chiqarish quvvatini qurish.
Ushbu sa’y-harakatlarning barchasi O‘zbekistonning energiya xavfsizligini ta’minlash va jadal rivojlanishiga xizmat qiladi.
Funksiyalar
Mamlakatning energetika xavfsizligini ta’minlash, iqtisodiyot sohalari va aholining energiya resurslariga tobora o‘sib borayotgan ehtiyojini qondirishga qaratilgan yagona energetika siyosatini yuritadi;
Energetika sohasida davlat tomonidan tartibga solish hamda xo‘jalik faoliyati funksiyalarini aniq chegaralash, ijtimoiy va davlat-xususiy sheriklikning huquqiy va institutsional bazasini takomillashtirish, tarif siyosatini amalga oshirishning aniq bozor mexanizmlarini ishlab chiqish va shu asosda sog‘lom raqobat muhiti tamoyillarini ilgari suradi;
Infratuzilma obyektlarini qurishga, shuningdek tarmoq korxonalarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlashga investitsiyalarni, avvalo to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish uchun sharoitlar yaratadi;
Energiya tejamkorlik va iqtisodiyot tarmoqlarida energiya sarfini kamaytirish sohasida davlat siyosatini yuritish, iqtisodiyot tarmoqlari va maishiy sektorda resurs va energiya tejovchi ilg‘or texnologiyalarni joriy etishni rag‘batlantirish, muqobil energiya manbalarini keng rivojlantiradi;
Energetika tarmog‘i korxonalarida texnologik jarayonlarni avtomatlashtirishning zamonaviy vositalarini, energiya resurslarini qazib olish, yetkazib berish va iste’mol qilish hajmlarini hisobga olish tizimlarini keng tatbiq qiladi;
Tarmoq korxonalarini boshqarish tizimini, ularning tuzilmalari va bo‘linmalarini maqbullashtirish, ishlarni tashkil qilishning aniq natijalarga erishishga qaratilgan zamonaviy usullari va maqsadli indikatorlarni (sifat menejmenti, indikativ rejalashtirish) joriy etadi.
Vazifalar
O‘zbekiston Respublikasining energetika xavfsizligini ta’minlash, iqtisodiyot tarmoqlari va mamlakat aholisini yoqilg‘i-energetika resurslari bilan barqaror ta’minlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng targ‘ib qilish va rivojlantirishga qaratilgan yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish;
Elektr va issiqlik energiyasi, ko‘mir ishlab chiqarish, yetkazib berish, taqsimlash va iste’mol qilish, shuningdek neft, gaz va ularni qayta ishlashdan olinadigan mahsulotlarni qazib olish, qayta ishlash, tashish, taqsimlash, sotish va ulardan foydalanishning davlat tomonidan tartibga solinishini amalga oshirish;
Respublikaning energetika sohasida yagona normativ-huquqiy va texnik tartibga solishni amalga oshirish;
Yoqilg‘i-energetika kompleksini strategik rejalashtirish va rivojlantirishning muvozanatli tizimini yaratish hamda energiya resurslari ishlab chiqarishni oshirish va diversifikatsiya qilish, barcha turdagi energiya resurslarini ishlab chiqarish, yetkazib berish va iste’mol qilishning qisqa, o‘rta va uzoq muddatli uzviy bog‘liq prognozlarini, shuningdek energetika tarmog‘ini kompleks rivojlantirish maqsadli dasturlarini ishlab chiqish;
Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, energiya resurslari bozorida qulay raqobat va ishbilarmonlik muhitini shakllantirishni rag‘batlantiruvchi tarif siyosatini takomillashtirish hisobiga yoqilg‘i- energetika tarmog‘ining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish;
Yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida investitsiya loyihalari amalga oshirilishini muvofiqlashtirish, energiya resurslarini qazib olish va ishlab chiqarish jarayonlariga xususiy kapitalni faol jalb qilish, xalqaro moliya institutlari, donor mamlakatlar, kompaniyalar, banklar va boshqa tuzilmalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;
Energetika sohasiga korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini, ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini hamda boshqaruv, hisobga olish va nazoratning avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy etishda ko‘maklashish, shu asosda energetika sohasida boshqaruv samaradorligini oshirish va ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish, energetika tarmog‘i tashkilotlari moliya-xo‘jalik faoliyatining shaffofligini ta’minlash;
Neft-gaz va elektr energetika tarmog‘i tashkilotlarining ishlab chiqarish jarayonlariga innovatsion texnologiyalarni joriy etishni rag‘batlantirish, energiya resurslarini tejash va energiya samaradorligi darajasini oshirish;
Energetika sohasida muhandis-texnik va boshqaruv kadrlarini tayyorlash, malakasini oshirish va qayta tayyorlash bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil qilish.