Qoraqalpog‘istonda “Surgil” siquv kompressor stansiyasi qurilishi bo‘yicha asosiy ishlar yakunlandi
2025-07-24 16:30:00 / Yangiliklar

Siquv kompressor stansiyasi “Surgil” konidan qazib olinadigan tabiiy gaz bosimini oshirish va keyinchalik qayta ishlash maqsadida Ustyurt gaz-kimyo majmuasiga yuborish uchun mo‘ljallangan.
Ushbu majmuada xomashyo gazi tarkibidan ajratib olinadigan qimmatbaho komponentlardan polimerlar ishlab chiqariladi.
Loyihaning yillik quvvati 1,8 mlrd metr kub yoki sutkasiga 4,8 mln metr kub gazni tashkil etadi. Loyihaning bosh pudratchisi “Enter Engineering” kompaniyasi bo‘lib, u samaradorlik va zamonaviy texnologik yechimlarni joriy etib kelmoqda.
Loyihaga ko‘ra, siquv kompressor stansiyasi ikkita parallel ishlaydigan gaz haydash agregatidan iborat. Ayni vaqtda yangi quvvatlarni barpo etish bo‘yicha umumiy qurilish va montaj ishlari yakunlangan.
Gaz haydash agregatlarini ishga tushirish va sozlash ishlari boshlandi. Kompressor stansiyasining ishga tushirilishi “Surgil” konida gaz qazib olish hajmini sezilarli darajada oshirish hamda Ustyurt GKMga tabiiy gazni barqaror yetkazib berish orqali yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish uchun qo‘shimcha resurs bazasini shakllantirish imkonini beradi.
Bundan tashqari, yangi quvvatlar Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasi konlaridan past bosimli gazni siqishga yo‘naltirish hisobiga gaz qazib olishni ko‘paytirish uchun imkon yaratadi.


