Yangi Andijon massivini Andijon shahri va boshqa hududlar bilan bog‘lash uchun 56 kilometrlik halqa yo‘li qurish zarurligi qayd etildi
2025-04-16 14:40:00 / Yangiliklar

Yig‘ilishda qurilish va infratuzilma masalalari muhokama qilinar ekan, Xonobod-Andijon magistral suv quvurining 1-tarmog‘idan suv oqimi kamligi sababli 6 ta tumandagi 510 ming aholiga suv yetkazib berishda muammolar borligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu bois, ushbu quvurning 2-tarmog‘ini qurish zarurligi ta’kidlandi va mutasaddilarga tegishli ishlarni tezroq boshlash topshirildi. Andijon suv ta’minoti korxonasi hududida 18 megavattli quyosh panellari va 98 ta energiya tejamkor nasoslar o‘rnatiladi.
“Xonobod” chegara o‘tkazish punkti tiklangani hisobiga, “Bishkek – Dushanbe – Termiz” xalqaro yo‘lidagi transport oqimi 2-3 karra ko‘paydi. Lekin Xonoboddan o‘tuvchi Qoradaryo ustidagi 150 metrli ko‘prik nosozligi uchun mashinalar uning bir qismidan harakatlanmoqda, tirbandliklar hosil bo‘layapti.
Mutasaddilarga bir oyda ushbu ko‘prikni rekonstruksiya qilish dasturini tasdiqlash va 25 milliard so‘m ajratish topshirildi. Mazkur ko‘prik kelgusi yilda to‘liq ishga tushishi shartligi qayd etildi.
Yangi Andijon massivini Andijon shahri va boshqa hududlar bilan bog‘lash uchun 56 kilometrlik halqa yo‘li qurish zarurligi qayd etildi. Bu yil ushbu yo‘lning 5 kilometrini bitkazish hisobiga Andijon shahriga kelish ancha qisqaradi. Bu yo‘lda 200 ta savdo va servis obyekti barpo etilib, 1 ming nafar aholi ishli bo‘ladi.
