2024-yilda energetika sohasida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’umot
2025-02-03 14:30:00 / Ochiq ma’lumotlar
Huquqiy bazani mustahkamlash
Sohada, avvalo, huquqiy bazani mustahkamlash, iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish, sohani rivojlantirishning yangi bosqichlariga o‘tish maqsadida 2024 yilda energetika sohasida O‘zbekiston Respublikasining 2 ta Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2 ta Farmoni, 27 ta qarori, Vazirlar Muhkamasining 18 ta qarori va 16 ta farmoyishi qabul qilindi.
2024 yilda ishga tushgan quvvatlar
2024-yilda umumiy quvvati 2 787,9 megavattga teng bo‘lgan elektr stansiyalar ishga tushirildi. Shundan: quyosh fotoelektr stansiyalari quvvati 1000 megavattni, shamol elektr stansiyalari quvvati 800 megavatt, issiqlik elektr stansiyalari quvvati 965,2 megavattni hamda gidroelektr stansiyalar quvvati 22,7 megavattni tashkil qiladi. Xususan:
“Yashil” elektr stansiyalar: 2024-yil may – avgust oylari davomida Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida umumi quvvati 200 megavatt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari ishga tushirildi.
2024-yil dekabr oyida Navoiy viloyatining Tomdi tumanida 400 megavatt quvvatli shamol (100 megavatt qismi 2023-yil dekabrda ishga tushirilgan), Buxoro viloyatining Peshku va Gʻijduvon tumanlarida har biring quvvati 200 megavattdan bo‘lgan 2 ta shamol (jami 400 megavatt. Kelajakda jami 1000 megavatt ishga tushiriladi) elektr stansiyalari, Namangan viloyatining Pop tumanida 200 megavatt quvvatli quyosh (kelajakda jami 500 megavatt ishga tushiriladi), Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida 50 megavatt quvvatli quyosh (kelajakda jami 263 megavatt ishga tushiriladi) elektr stansiyalari ishga tushirildi.
Energiya saqlash tizimlari: 2024-yil dekabr oyida Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston va Andijon viloyatining Asaka tumanlarida har birining quvvati 150 megavattdan bo‘lgan 2 ta (jami 300 megavatt) energiya saqlash tizimlari ishga tushirildi. Bu ikki loyiha O‘zbekiston energetikasi tarmog‘ida yangi loyihalar bo‘lib, sohada uning ahamiyati nihoyatda katta hisoblanadi.
Masalan, ushbu elektr energiyasini saqlash tizimlaridan iste’molning yuqori vaqtlarida tarmoqni barqarorlashtirish va qo‘shimcha zaxira quvvatlarini yaratish uchun foydalaniladi.
Issiqlik elektr stansiyalar: Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan Sirdaryo viloyatining Shirin shahri va Boyovut tumanlari hududida quvvati 1500 megavvatt bo‘lgan yangi issiqlik elektr stansiyasining qolgan 500 megavatt qismi (dastlabki 1000 megavatt qismi 2023-yilda ishga tushirilgan) ishga tushirildi.
Shuningdek, 2024-yil davomida Toshkent issiqlik elektr markazida umumiy quvvati 64 megavvatt bo‘lgan 2 ta gaz turbina qurilmasi, Toshkent shahrining Olmazor tumanida 1,2 megavatt quvvatli kogeneratsiya qurilmasi hamda Turkiyaning “Aksa Enerji” kompaniyasi tomonidan Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanida quvvati 400 megavvatt bo‘lgan gaz-porshen qurilmasi ishga tushirildi.
2024-yilda “yashil” elektr stansiyalar orqali 4,9 mlrd kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi
2025-yil 1-yanvar kuni holatiga ko‘ra, O‘zbekistondagi quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 2024-yil boshidan beri ishlab chiqarilgan elektr energiyasi miqdori 4 mlrd 860,5 mln kVt⋅soatni tashkil qildi.
Aytish joizki, 2024-yilda quyosh elektr stansiyalari tomonidan 4 mlrd 61,3 mln kVt⋅soat, shamol elektr stansiyasi tomonidan esa 799,2 mln kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi.
Buning natijasida:
➖ 1 mlrd 470 mln kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishildi;
➖ atmosferaga 2 mln 40 ming tonna zararli gazlar chiqishining oldi olindi.
Ma’lumot uchun: mazkur hajmdagi elektr energiyasi 2 million 25 ming 208 ta xonadonning bir yillik ijtimoiy normasini tashkil qiladi.
Quyosh panellari o‘rnatganlarga 2024 yilda 12 mlrd so‘mdan ziyod subsidiya berildi
“Quyoshli xonadon” dasturi orqali 2024-yilda xonadoniga quyosh paneli o‘rnatgan jami 10 ming 826 nafar fuqaroga davlatga sotgan 12 million 182 ming 090 kVt•soat elektr energiyasi uchun 12 mlrd 182 mln so‘m to‘lab berildi.
Har bir kVt⋅soat elektr energiyasi 1000 so‘mdan sotib olinadigan ushbu hajm jami 12 mlrd 182 mln so‘mni tashkil qilgan va tegishli summa Davlat soliq qo‘mitasining “Soliq” mobil ilovasi orqali yuqoridagi fuqarolarning bank plastik kartalariga o‘tkazib berilgan.
Eslatib o‘tamiz, mazkur subsidiya mablag‘lari soliq organlari tomonidan har oyda “Soliq” mobil ilovasi orqali hisobot oyidan keyingi oyning 25-sanasiga qadar (dekabr oyi uchun belgilangan subsidiya mablag‘lari 25 yanvargacha) fuqarolarning bank plastik kartalariga o‘tkazib beriladi.
2024-yilda ishlab chiqarish va yetkazib berish
2024-yilda respublikamizda 81,5 mlrd kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi.
2024-yilda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 2016-yildagiga nisbatan 22,5 mlrd kVt⋅soat yoki 38 foiz ko‘pni tashkil etdi.
Shundan Respublika iste’molchilariga 67,5 mlrd kVt⋅soat elektr energiyasi yetkazib berildi. 2024 yili iste’molchilarga 2016 yildagiga nisbatan 21,8 mlrd kVt⋅soat yoki 48 foiz ko‘p elektr energiyasi yetkazib berildi.
2024-yilda elektr va gaz tarmoqlarini yangilash
Respublika iste’molchilari elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida 2024-yilda hududlarda jami 29 ming 495 kilometr taqsimlovchi tarmoqlar va 10 ming 221 ta transformator punkti mukammal ta’mirlandi.
Bundan tashqari, 2 896 km elektr uzatish tarmoqlari va 649 ta transformator punkti yangidan qurildi.
Shuningdek, 168,2 kilometr uzunliklagi yuqori va o‘rta bosimli gaz tarmoqlari va 455 ta gaz taqsimlash punktlari yangilandi, modernizatsiya va rekonstruksiya qilindi.
