Turkiya quyosh energiyasi hisobiga gaz importidan $1,7 mlrd tejadi
2025-01-31 20:00:00 / Yangiliklar

Turkiya oxirgi ikki yarim yil ichida quyosh panellari quvvatini deyarli ikki barobar oshirdi: 2022-yil iyulida 9,7 GVt boʻlgan quvvat 2024-yil dekabrida 19 GVtga yetdi. Ilgari mamlakatga PV-modullar quvvatini ikki barobar oshirish uchun toʻrt yil kerak boʻlgan edi.
"Ember" maʼlumotlariga koʻra, 2024-yil yakuniga koʻra Turkiyada quyosh energetikasining ulushi 5,8% dan 7,6% ga oshdi. Natijada, mamlakat 2024-yilda gaz importidan $1,7 mlrd tejashga erishdi, bu oʻtgan yilga nisbatan 22% koʻproqdir.
Kelgusi yillarda Turkiya yanada koʻproq tejash imkoniyatiga ega:
◾️ 2024-yil oxiriga kelib, mamlakatda umumiy quvvati 14 GVt boʻlgan 412 ta quyosh elektr stansiyasi (QES) loyihasi investitsiyaga tayyorlik bosqichida edi;
◾️ 2025–2028-yillar davomida umumiy quvvati 4,8 GVt boʻlgan “Akkuyu” AESning toʻrtta energobloki ishga tushiriladi. Bu mamlakatning elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojining 10% ni taʼminlaydi va yiliga 10 mlrd kub metr gaz tejash imkonini beradi;
◾️ joriy yilda Turkiya Energetika vazirligi Sinop va Frakiya hududlarida (mamlakatning shimoli va shimoli-gʻarbi) yangi atom elektr stansiyalari qurilishi boʻyicha qaror qabul qilishi kutilmoqda.
Turkiyaga Rossiyadan gaz yetkazib berishning asosiy kanali – “Turkiya oqimi” (TurkStream) gaz quvurining bir tarmogʻi boʻlib, uning quvvati yiliga 15,75 mlrd kub metrni tashkil etadi. “Koʻk oqim” (Blue Stream) quvurining ikkinchi tarmogʻi yiliga 16 mlrd kub metr quvvatga ega boʻlsa-da, u hanuz toʻliq quvvatda ishlamayapti.
