Kichik quvvatli “yashil” energiya tizimlari rivojlantiriladi
2024-12-30 11:00:00 / Yangiliklar

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish kengaytirilishi hamda tarif islohotlarining tizimli amalga oshirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasining qarori (894-son, 27.12.2024-y.) qabul qilindi.
Unga ko‘ra:
1. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda jismoniy va yuridik shaxslarga qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining ehtiyot qismlarini, shuningdek, energiya tejovchi zamonaviy romlar hamda qurilish izolyatsiya materiallarini xarid qilishni yo‘lga qo‘yish belgilandi. Jumladan:
Energetika vazirligi huzuridagi Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasining qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona elektron platformasiga (energymarket.uz) elektron kooperatsiya portalida (cooperation.uz) ro‘yxatdan o‘tgan mahalliy ishlab chiqaruvchilarning o‘z mahsulot va xizmatlarini sotish bo‘yicha takliflarini erkin joylashtirish huquqi berildi;
platformada jismoniy shaxslarga quyosh hamda shamol elektr stansiyasi qurilmalari uchun foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash bilan sotib olish 5 kVtgacha belgilangan talab 20 kVtgacha oshirildi;
jismoniy shaxsdan foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olingan qurilmalar bo‘yicha muddatli to‘lov qaytarilishining ta’minoti sifatida mahalliy ishlab chiqaruvchilar va ularning savdo agentlarining/dilerlarining ixtiyoriga ko‘ra mulk garovi, sug‘urta kompaniyasining muddatli to‘lovni qaytara olmaslik xatari sug‘urta qilingani to‘g‘risidagi sug‘urta polisini taqdim etishi mumkinligi belgilandi;
platformada onlayn xarid qilish bo‘yicha mahsulotlar hamda xizmatlar turlari kengaytirildi.
Xususan, jismoniy va yuridik shaxslarga qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining ehtiyot qismlarini, shuningdek, zamonaviy energiya tejovchi romlar hamda qurilish izolyatsiya materiallari, ko‘mir, torf va daraxt xom ashyosidan tayyorlangan briket hamda pelletlar xarid qilishga;
qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining energetika ekspertizasi va energetik servis xizmatlarini ko‘rsatadigan tadbirkorlik sub’ektlariga marketpleys tizimiga tovar hamda xizmatlarni pulli shartnoma asosida kiritishlariga ruxsat etiladi.
2. Tijorat banklari tomonidan jismoniy shaxslarga “yashil” iste’mol kreditlari ajratilishini keng joriy etish va kreditlar bo‘yicha foizlarning bir qismiga kompensatsiyalar ajratish yanada kengaytirilmoqda.
Xususan, “yashil” iste’mol kreditlari shu paytgacha quyosh fotoelektr hamda shamol elektr stansiyalarini va quyosh suv isitkichlarini o‘rnatish uchun ajratilgan bo‘lsa, endilikda mikro hamda kichik gidroelektr stansiyalari, biogaz ishlab chiqaruvchi uskunalar, biogaz qurilmalari va issiqlik nasoslarini o‘rnatish, shuningdek, qurilish izolyatsiya materiallari, maishiy energiya samarador gaz-gorelkali qurilmalar hamda qozonlarni sotib olish maqsadlari uchun ham milliy valyutada ajratilishi belgilandi;
Energetika vazirligi huzuridagi Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasi tomonidan qiymati BHMning 500 baravaridan (187,5 mln so‘m) oshmagan “yashil” iste’mol kreditlari bo‘yicha 5 foizli banddan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplab berish uchun 3 yil muddatgacha kompensatsiya ajratiladi.
3. “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalari”da iste’molchilarning mas’uliyati hamda majburiyatlariga aniqlik kiritilmoqda. Jumladan, hisob-kitob davrida iste’molchilar tomonidan (maishiy iste’molchilardan tashqari) elektr energiyasi iste’moli shartnomaviy miqdordan 20 foiz va undan ortishiga yo‘l qo‘yilgan taqdirda, mazkur miqdordan ortiq iste’mol qilingan elektr energiyasi uchun belgilangan tarifning 1,2 baravari miqdorida to‘lov undiriladi;
qarzdorligi mavjud ko‘chmas mulk obyektlari boshqa bir yuridik yoki jismoniy shaxsga onlayn auksion savdolari orqali sotilganda, mavjud qarzdorlikni bartaraf qilish majburiyati, agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha shartlar belgilanmagan bo‘lsa, yangi sotib olgan yuridik yoki jismoniy shaxs zimmasida bo‘ladi;
hisob-kitob davrida iste’molchilar tomonidan (tabiiy gazni yetkazib berishning alohida tartibi belgilanadigan strategik tashkilotlar, gaz uzatish tashkiloti hamda avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari, shuningdek, maishiy iste’molchilardan tashqari) tabiiy gaz iste’moli shartnomaviy miqdordan 20 foiz va undan ortishiga yo‘l qo‘yilgan taqdirda, mazkur miqdordan ortiqcha iste’mol qilingan tabiiy gaz uchun belgilangan tarifning 1,2 baravari miqdorida to‘lov undiriladi.
