Turkiyadan munosabat: O‘zbekistonning yuqori investitsiyaviy salohiyati bilan bir qatorda, mamlakatdagi tinchlik va xavfsizlik, iqtisodiyotning barqarorligi bizni o‘ziga faol jalb qilmoqda
2024-12-15 15:05:00 / Yangiliklar
"iLTEKNO" kompaniyasi bosh direktori Ali Nihat Dilek (Turkiya) "Dunyo" AA uchun intervyusida bugun O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida bo'lib o'tgan energetika sohasida yangi quvvatlarni ishga tushirish va navbatdagi loyihalar qurilishiga start berish marosimi haqidagi fikrlarini bildirdi:
– O'zbekistonda loyihalarni amalga oshirishni boshlaganimizga olti yil bo'ldi va hozirgi kunda 15 ta loyihani amalga oshirishni rejalashtiryapmiz. Bilasizmi, men bir narsani alohida aytib o'tmoqchiman, bizning ilk loyihamizni O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ochib bergan edi. Bugun bizning rejaga asosan so'nggi loyihamizning ochilishi ham davlat rahbari tomonidan amalga oshirildi.
Bunda ham ramziy ma'no bor, ya'ni bu davlat rahbari investitsiya loyilarini boshidan oxirigacha qo'llab-quvvatlashining ifodasidir, deb o'ylayman. Bizga O'zbekistonda ishlash yoqadi. O'zbekistonning investitsiyaviy salohiyati yuqoriligi bilan bir qatorda, mamlakatdagi tinchlik va xavfsizlik, iqtisodiyotning barqarorligi va bu yurtning odamlari bizni doim o'ziga jalb qiladi. Shuningdek, O'zbekistonning tashqi siyosatidagi dunyo davlatlari bilan do'stona aloqalari ham uni yanada kuchli qilmoqda, deyish mumkin.