Yirik iste’molchilar uchun kunduzi elektr energiyasi arzonlashadi
2026-09-26 18:00:00 / Yangiliklar

Prezidentimiz farmoniga asosan, I tarif guruhi iste’molchilari uchun elektr energiyasi tariflarini sutka davri bo‘yicha hisoblash tartibi o‘zgartiriladi.
Yangi tartibga ko‘ra, soat 09:00 dan 17:00 gacha bo‘lgan yarim tig‘iz davrda elektr energiyasi uchun to‘lovda bazaviy tarifga nisbatan 1,5 baravar kamayuvchi koeffitsient qo‘llaniladi. Bu amaldagi tarif bo‘yicha 1 kVt⋅soat uchun 1100 so‘mdan emas, 733 so‘mdan.
Tungi davrda — soat 22:00 dan 06:00 gacha bazaviy tarif amal qiladi.
Bu o‘zgarishlar yurtimiz energetika tizimidagi bugungi sharoitdan kelib chiqib amalga oshirilmoqda. Kunduzgi soatlarda quyosh va shamol elektr stansiyalarida elektr energiyasi ko‘proq ishlab chiqariladi. Shu vaqtda yirik iste’molchilarning elektr energiyasidan foydalanishini rag‘batlantirish orqali mavjud “yashil” energiyadan samaraliroq foydalanish imkoni yaratiladi.
Kechki va tungi soatlarda esa quyosh generatsiyasi kamayishi sababli elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojni qoplashda issiqlik elektr stansiyalarining ahamiyati ortadi. Bu esa ko‘proq tabiiy gaz sarflanishini talab qiladi. Kunduzgi soatlarda elektr energiyasidan foydalanishni ko‘paytirish esa gazga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirish, tejaladigan tabiiy gazni esa aholi va boshqa iste’molchilar ehtiyojlari uchun yo‘naltirish imkonini beradi.
Yangi tartib, avvalo, tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, ularga kunduzgi vaqtda elektr energiyasidan yanada qulay shartlarda foydalanib, ishlab chiqarish hajmlarini oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi. Bu esa korxonalarning faoliyatini kengaytirish, yangi loyihalarni amalga oshirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish va tadbirkorlarning daromadlarini ko‘paytirishga xizmat qiladi.
Shu tariqa, yangi tartib bir tomondan tadbirkorlar uchun kunduzgi vaqtda elektr energiyasidan yanada qulay shartlarda foydalanish imkonini yaratsa, ikkinchi tomondan mavjud energetika resurslaridan samarali va tejamkor foydalanishga xizmat qiladi.
Eslatma: I tarif guruhiga asosiy va zaxira elektr ta’minoti uchun ulangan quvvati 750 kVA va undan ortiq bo‘lgan yirik iste’molchilar kiradi.
