Olmaota shahrida “Qambarota GES-1” loyihasi bo‘yicha uch tomonlama muzokaralarning uchinchi davrasi bo‘lib o‘tdi
2026-09-24 09:40:00 / Yangiliklar

2026-yil 21–23-sentyabr kunlari Olmaota shahrida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iz Respublikasi energetika, suv xo‘jaligi va tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida “Qambarota GES-1” loyihasini birgalikda amalga oshirish bo‘yicha hukumatlararo bitim loyihasini muhokama qilishga bag‘ishlangan uch tomonlama muzokaralarning uchinchi davrasi bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralarda uch mamlakatning energetika, suv resurslari, tashqi ishlar sohalariga mas’ul davlat organlari, shuningdek, boshqa manfaatdor tashkilot va idoralar vakillari ishtirok etdi. Jahon banki vakillari ham muzokaralarda kuzatuvchi sifatida qatnashib, hukumatlararo bitim loyihasini tayyorlash jarayonida texnik ko‘mak ko‘rsatmoqda.
Muzokaralarning uchinchi davrasi doirasida hukumatlararo bitim loyihasining asosiy qoidalari, jumladan, loyihani birgalikda amalga oshirish va boshqarish mexanizmlari, moliyalashtirish, tomonlarning majburiyatlarini taqsimlash hamda uch davlat o‘rtasidagi keyingi hamkorlikni muvofiqlashtirish masalalari batafsil muhokama qilindi.
“Qambarota GES-1” loyihasini birgalikda amalga oshirish Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida suv-energetika sohasidagi mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, energetika tizimlarining barqarorligini ta’minlash hamda suv resurslaridan samarali va o‘zaro manfaatli foydalanish mexanizmlarini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ta’kidlash joizki, 2026-yil 30-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan muzokaralarida energetika sohasidagi hamkorlik strategik yo‘nalish sifatida belgilandi. Unda “Qambarota GES-1” qurilishi loyihasi bo‘yicha bitimni imkon qadar tezroq imzolash va uni amaliy bosqichga o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi. Mazkur vazifa bugungi kunda uch mamlakat o‘rtasida loyiha bo‘yicha hukumatlararo bitimni kelishish va uni amaliy jihatdan tayyorlash borasidagi muzokaralarda izchil davom ettirilmoqda.
Ma’lumot uchun, hukumatlararo bitim loyihasi bo‘yicha birinchi muzokaralar 2026 yil 31 mart — 2 aprel kunlari Bishkek shahrida, ikkinchi davrasi esa 28–30 aprel kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan. Olmaotadagi uchinchi davra uch mamlakatning “Qambarota GES-1” loyihasini birgalikda amalga oshirish shartlarini kelishish bo‘yicha izchil muzokaralarining navbatdagi bosqichi bo‘ldi.





