O‘zbekiston va Ozarbayjon neft-gaz sohasidagi hamkorlikni yanada jadallashtiradi
2026-09-18 09:00:00 / Yangiliklar

Kecha, 17-sentyabr kuni Boku shahrida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Sherzod Xodjayev, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov hamda Ozarbayjon Respublikasining SOCAR kompaniyasi prezidenti Rovshan Nadjaf o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning joriy yil 23–24-avgust kunlari bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, davlat rahbarlarining do‘stona tashabbuslarini amaliy natijalar bilan boyitish maqsadida energetika va neft-gaz sohasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Avgust oyidagi sammit yakunida imzolangan Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqqanligi alohida ta’kidlandi.
Xususan, SOCAR kompaniyasi bilan O‘zbekistonda avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini rivojlantirish, Ustyurtdagi investitsiya bloklarida olib borilayotgan geologik-qidiruv ishlarining borishi va ularni jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, SOCAR va O‘zbekiston kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha fikr almashildi.
Uchrashuvda, shuningdek, davlat rahbarlari tomonidan belgilab berilgan vazifalar asosida neftni qayta ishlash quvvatlarini barpo etish, neft xomashyosi va neft mahsulotlari importini tashkil etish masalalari yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Mazkur yo‘nalishlardagi loyihalarning joriy holati va ishlarni amalga oshirish sur’atlari tahlil qilinib, kelishuvlarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish, mavjud masalalarni tezkor hal etish hamda qo‘shma loyihalarni yanada jadallashtirish bo‘yicha keyingi qadamlar belgilab olindi.


