Aholini suyultirilgan gaz bilan uzluksiz ta’minlash tizimining barqarorligi oshiriladi
2026-09-15 10:35:00 / Yangiliklar
#qonunchilikdagi_yangiliklar

Prezidentimizning 2026-yil 12-sentyabrda “Aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash tizimini isloh qilish va bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–326-son qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash sohasidagi funksiyalarni ixtisoslashtirish, mazkur faoliyatning moliyaviy shaffofligini ta’minlash va bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish maqsadida:
“Hududgazta’minot” AJ ta’sischiligida “LPG-Trade” “LPG-Trade” MCHJ tashkil qilinadi.
Shuningdek, respublikada suyultirilgan gaz ta’minoti tizimida bozor mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bunda:
- aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish ustuvorligi ta’minlanadi;
- respublika korxonalarida ishlab chiqariladigan va import qilinadigan suyultirilgan gaz (o‘z shoxobchalarida sotiladigan hajmlardan tashqari) faqat birja savdolari orqali sotiladi;
- aholiga suyultirilgan gaz yetkazib beradigan korxonalar mahsulotni birjadan va importdan to‘g‘ridan to‘g‘ri xarid qiladilar;
- aholi ehtiyojlari uchun yetkazib beriladigan suyultirilgan gaz ta’minoti tizimida islohotlarni amalga oshirish va xususiy sektorni jalb qilish orqali sohada raqobat muhiti bosqichma-bosqich shakllantiriladi hamda kross-subsidiyalash amaliyoti bosqichma-bosqich bekor qilinadi;
- suyultirilgan gaz ta’minotidagi islohotlarni amalga oshirish jarayonida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari davlat tomonidan moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlanadi.
