O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi
2026-09-11 10:15:00 / Yangiliklar

Kecha, 10-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Sherzod Xodjayev Fransiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ualid Fuk bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi do‘stona va o‘zaro manfaatli munosabatlar ikki mamlakat Prezidentlarining siyosiy irodasi va ezgu tashabbuslari asosida izchil rivojlanib borayotgani alohida ta’kidlandi.
Ushbu munosabatlar barcha sohalarda, xususan, energetika yo‘nalishida ham o‘zining amaliy natijalarini namoyon etayotgani, ikki mamlakat o‘rtasida energetika sohasidagi hamkorlik izchil va jadal rivojlanayotgani qayd etildi. Shuningdek, fransuz kompaniyalari O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha dastlabki yirik loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etayotgani ta’kidlandi.
Xususan, Fransiyaning “TotalEnergies” kompaniyasi bilan hamkorlikda Samarqand viloyatida 100 MVt, “Voltalia” kompaniyasi bilan hamkorlikda Xorazm viloyatida 100 MVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyalari, “EDF” kompaniyasi bilan hamkorlikda esa Sirdaryo viloyatida 1 573 MVt quvvatli issiqlik elektr stansiyasi ishga tushirildi.
Muzokaralar davomida fransuz kompaniyalari ishtirokida O‘zbekistonda an’anaviy va “yashil” energetika, shuningdek, neft-gaz sohalarida amalga oshirilayotgan loyihalarning holati va istiqbollari muhokama qilindi. Mavjud tashabbuslarni jadallashtirish hamda hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar qo‘shma loyihalarni izchil ilgari surish, mavjud hamkorlikni mustahkamlash va energetika sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib oldilar.


