O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida energetika sohasidagi hamkorlik yanada rivojlantiriladi
2026-09-10 16:10:00 / Yangiliklar

Bugun, 10-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Sherzod Xodjaev Yaponiya iqtisodiyot, savdo va sanoat davlat vaziri Kenji Yamada bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Energetika sohasi ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikning muhim yo‘nalishlaridan biri ekani alohida ta’kidlandi.
Tomonlar Yaponiyaning yetakchi energetika kompaniyalari ishtirokida O‘zbekistonda elektr energiyasini ishlab chiqarish, elektr uzatish tarmoqlarini rivojlantirish, shuningdek, mamlakat gaz transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan yirik loyihalarning borishini ko‘rib chiqdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli loyihalarni ilgari surish hamda energetika sohasidagi yaqin va uzoq muddatli hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib oldilar.



