Suyultirilgan gaz yetkazib berishda raqobat kuchayadi
2026-09-07 16:30:00 / Yangiliklar

Suyultirilgan gaz yetkazib berish tizimida xususiy sektor ishtiroki kengaytiriladi. Buning uchun Andijon viloyatida xususiy operatorlarni jalb etish bo‘yicha pilot loyiha amalga oshiriladi.
Xizmatlarni kamida ikki operator ko‘rsatishi, iste’molchilar uchun mobil ilova va onlayn xizmatlar yo‘lga qo‘yilishi belgilanadi.
Operatorlarda zarur litsenziya va ruxsatnomalar hamda malakali muhandis-texnik xodimlar bo‘lishi talab etiladi.
Aholiga xizmat ko‘rsatish uchun iste’molchilar soni va hududiy masofalardan kelib chiqib, shaharsozlik normalari hamda yong‘in xavfsizligi talablariga javob beradigan shoxobchalar tashkil etiladi.
Shuningdek, suyultirilgan gazni yetkazib berish grafigi aniq yo‘lga qo‘yiladi, hisob-kitoblar raqamlashtiriladi va taqsimotning shaffofligi ta’minlanadi. Sun’iy taqchillik va asossiz narx oshishining oldi olinadi.
Andijon viloyatidagi pilot loyiha natijalari asosida ushbu tajriba boshqa hududlarda ham bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Natijada suyultirilgan gazni yetkazib berish muddati qisqaradi, aholiga xizmat ko‘rsatish sifati oshadi va ta’minot tizimida shaffoflik ta’minlanadi.
