Kichik va mikro gidroelektr stansiyalari tarmog‘i rivojlantiriladi
2026-08-25 17:00:00 / Yangiliklar

Prezidentimizning 2026-yil 19-avgustda “Mamlakatda kichik va mikro gidroelektr stansiyalari tarmog‘ini rivojlantirishning navbatdagi chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 298-son qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2027-yil 1-fevralgacha salohiyatli kichik va mikro GES loyihalarini aniqlash, amalga oshirish va ekspluatatsiya qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish hamda monitoring qilish maqsadida raqamli platforma ishlab chiqiladi.
Xususiy sektor ishtirokida kichik va mikro GESlar loyihalarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom (yagona tartib) hamda loyihalashtirish, qurish, ishga tushirish va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha uslubiy qo‘llanma ishlab chiqiladi. Bunda atrof-muhitga oid va ijtimoiy talablar majburiy tartibda inobatga olinishi belgilanadi.
Quvvati 5 MVtgacha kichik va mikro GESlarni qurish bo‘yicha loyiha tashabbuskorlarini aniqlash maqsadida vazirlik buyurtmasi asosida “E-auksion” elektron savdo maydonchasida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotib olishda o‘tkaziladigan elektron auksionda boshlang‘ich narx bilan birgalikda eng quyi narxni ham belgilash tartibi joriy etiladi.
Bunda narxlar II guruh iste’molchilari uchun belgilangan tarifga nisbatan quyidagicha o‘rnatiladi:
- quvvati 500 kVtgacha bo‘lgan mikro GESlarga – boshlang‘ich narxi 150 foiz, eng quyi narxi 50 foiz miqdorida;
- quvvati 500 kVtdan 2 MVtgacha bo‘lgan kichik GESlarga – boshlang‘ich narxi 120 foiz, eng quyi narxi 40 foiz miqdorida;
- quvvati 2 MVtdan 5 MVtgacha bo‘lgan kichik GESlarga – boshlang‘ich narxi 100 foiz, eng quyi narxi 30 foiz miqdorida.
Quvvati 100 kVtgacha bo‘lgan mikro GESlar loyihalarini amalga oshirish (loyihalash va qurish)da soddalashtirilgan tartib yo‘lga qo‘yiladi. Xususan:
- quvvati 100 kVtgacha bo‘lgan mikro GESlarni qurilish obyektlarining xavf-xatar toifasi bo‘yicha II murakkablik toifasiga kiritiladi;
- quvvati 50 kVtgacha bo‘lgan, inshoot hajmi 300 metr kubdan oshmaydigan mikro GESlarni shaharsozlik hujjatlari ekspertizasidan hamda davlat arxitektura-qurilish nazoratidan o‘tkazishdan ozod etiladi;
- bunda loyiha tashabbuskorlariga qurilish ishlarini qurilish loyihasining elektr qismi asosida bosqichma-bosqich amalga oshirishga ruxsat beriladi.
2026/2027-o‘quv yilidan boshlab kichik quvvatli yashil energiya yo‘nalishlari, jumladan, kichik gidroenergetika uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlashni oliy ta’lim tashkilotlarida dual ta’lim tizimi asosida joriy etiladi.
