O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energetika: 35 yillik taraqqiyot, yangi imkoniyatlar va amaliy natijalar
2026-08-19 16:50:00 / Yangiliklar

Mustaqillikning 35 yilligi arafasida mamlakatimiz energetikasida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar salmoqli natijalar bilan namoyon bo‘lmoqda. Bugun “yashil” energetika nafaqat yangi elektr quvvatlarini yaratish, balki tabiiy resurslarni tejash, aholi va tadbirkorlarga yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratish, ijtimoiy obyektlarni qo‘llab-quvvatlash va hududlar infratuzilmasini rivojlantirishning muhim omiliga aylandi.
Qayta tiklanuvchi energetika uchun mustahkam huquqiy poydevor yaratildi. Mustaqillik yillarida yurtimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish davlat energetika siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida shakllandi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda sohani rag‘batlantirish, aholi va tadbirkorlik subyektlarining “yashil” energiyadan foydalanishini kengaytirishga qaratilgan aniq mexanizmlar joriy etildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-sentyabrdagi PF-220-son Farmoni bilan aholi, tadbirkorlik subyektlari va ijtimoiy soha obyektlarida kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya qurilmalarini joriy etishni iqtisodiy rag‘batlantirishning yangi mexanizmlari yaratildi.
Ushbu hujjat asosida qurilmalarni xarid qilish xarajatlarini kompensatsiyalash, mahalliy uskunalarni imtiyozli va foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida xarid qilish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda ishlab chiqarilgan elektr energiyasidan samarali foydalanish uchun amaliy huquqiy poydevor shakllantirildi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-iyundagi 247-son qarori bilan jismoniy shaxslar va tadbirkorlik subyektlariga quvvati 1 MVtgacha bo‘lgan quyosh, shamol va biogaz elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasini yagona elektr energetika tizimiga sotish imkoniyati berildi.
Aholi uchun joriy etilgan “Quyoshli xonadon” dasturi esa bu jarayonga yangi mazmun berdi. Tarmoqqa uzatilgan har 1 kVt·soat elektr energiyasi uchun 1 000 so‘m subsidiya to‘lanishi mexanizmi fuqarolarni oddiy iste’molchidan elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi va undan iqtisodiy manfaat ko‘ruvchi ishtirokchiga aylantirdi.
Sohadagi islohotlar O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 7-avgustdagi O‘RQ-939-son “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 8-yanvardagi 13-son va 2024-yil 24-avgustdagi 528-son qarorlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-avgustdagi PF-152-son Farmoni bilan izchil davom ettirildi.
Natijada elektr energetikasini bozor tamoyillari asosida transformatsiya qilish, xususiy investitsiya va raqobatni kengaytirish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga xizmat qiluvchi yangilangan huquqiy va institutsional tizim shakllandi. Bu esa sohaning samaradorligi, shaffofligi va investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Kichik quvvatli quyosh energetikasida 2,5 GVtdan ortiq yangi quvvat yaratildi. 2026-yil 13-avgust holatiga ko‘ra, 2023–2026-yillarda respublika bo‘yicha jami 2 508 MVt quvvatdagi quyosh panellari o‘rnatildi. Ushbu panellar hisobidan 4 mlrd 715 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi.
Buning natijasida 1 mlrd 271 mln kub metr tabiiy gaz tejaldi va 2 mln 711 ming tonna issiqxona gazlarining atmosferaga chiqarilishi oldi olindi.
Bu raqamlar “yashil” energetikaning mamlakat energetika balansidagi o‘rni tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi. Ya’ni qayta tiklanuvchi energiya manbalari bir vaqtning o‘zida elektr energiyasi ishlab chiqarishni ko‘paytirish, tabiiy gazdan tejamkor foydalanish va ekologik yuklamani kamaytirish imkonini bermoqda.
O‘rnatilgan quvvatlar tarkibi ham “yashil” energetikaning keng qatlamlarni qamrab olayotganini ko‘rsatadi. Jumladan, ijtimoiy soha va davlat idoralarida 478,8 MVt quyosh panellari va 2 821,8 ming litr geliokollektorlar, aholi xonadonlarida 664,5 MVt quyosh panellari va 2 122 ming litr geliokollektorlar o‘rnatildi.
Mahalliy tadbirkorlik subyektlarida 1 330,9 MVt, ko‘p kvartirali uylarda esa 36,4 MVt quvvatdagi quyosh panellari o‘rnatildi.
2026-yilda ham o‘sish sur’atlari yuqori. Joriy yilda kichik va taqsimlangan generatsiyani rivojlantirish bo‘yicha ishlar yanada jadallashdi.
2026-yil boshidan 13-avgustga qadar respublikada qo‘shimcha 509,78 MVtdan ortiq yangi quyosh panellari ishga tushirildi. Bu kichik va taqsimlangan generatsiyani rivojlantirish bo‘yicha yillik topshiriqning muddatidan oldin ortig‘i bilan ta’minlanganini ko‘rsatadi.
Erishilgan sur’atlar asosida yil yakuniga qadar jami 700 MVt yangi quvvatni ishga tushirish, yillik rejani 175 foizga bajarish va belgilangan ko‘rsatkichni 300 MVtga ortig‘i bilan ta’minlash imkoniyati yaratildi.
Shu asosda 2026-yil yakuniga respublikadagi kichik quyosh qurilmalarining umumiy quvvatini 2 700 MVtga yetkazish uchun mustahkam amaliy asos shakllanmoqda.
“Yashil” energiya ishlab chiqarish ham ortib bormoqda. Yangi quvvatlarning ishga tushirilishi tabiiy ravishda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi hajmida ham aks etmoqda.
2026-yil uchun quyosh panellari hisobidan 2 mlrd 143 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarish belgilangan. Joriy yilning yanvar–iyun oylaridayoq 1 mlrd 403,1 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, yillik ko‘rsatkichning 65,5 foizi ta’minlandi.
Bu yilning birinchi yarmidayoq yillik prognozni bajarish uchun zarur sur’at yaratilganini ko‘rsatadi. Ikkinchi yarim yillikda qo‘shimcha 739,9 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarish vazifasi belgilangan.
Mavjud o‘sish sur’atlari saqlanganda, 2023–2026-yillarda quyosh panellari hisobidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasining jami hajmi yil yakunida 5 mlrd 37,9 mln kVt·soatga yetishi kutilmoqda.
“Yashil” energetika aholi va biznes uchun iqtisodiy manfaat manbaiga aylanmoqda. Qayta tiklanuvchi energetikaning eng muhim jihatlaridan biri — uning aholi va tadbirkorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri iqtisodiy manfaat keltirayotganidir.
2023–2025-yillarda jismoniy va yuridik shaxslarga tarmoqqa uzatilgan elektr energiyasi uchun jami 462,1 mlrd so‘m to‘lab berildi. Shundan “Quyoshli xonadon” dasturi doirasida aholiga 222,9 mlrd so‘m, yuridik shaxslarga esa 239,3 mlrd so‘m to‘landi.
2026-yil yanvar–iyul oylarida esa to‘lovlar hajmi keskin oshdi — jami 632,7 mlrd so‘m. Shundan aholiga 436,7 mlrd so‘m, yuridik shaxslarga 196 mlrd so‘m to‘landi.
Yuridik shaxslarga hisoblangan mablag‘ning 48 mlrd so‘mi elektr energiyasidan mavjud qarzdorlikni qoplashga yo‘naltirildi.
E’tiborlisi, 2026-yilning atigi yetti oyida amalga oshirilgan to‘lovlar 2023–2025-yillardagi jami to‘lovlarning 137 foiziga teng bo‘ldi. Bu aholi va biznesning “yashil” energiyadan olayotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri iqtisodiy manfaati sezilarli darajada oshganini ko‘rsatadi.
Erishilgan sur’atlardan kelib chiqib, 2026-yil yakunida to‘lovlar hajmi 725,6 mlrd so‘mga yetishi kutilmoqda. Shundan aholiga 506,2 mlrd so‘m, ya’ni jami to‘lovlarning 69,8 foizi, yuridik shaxslarga esa 219,3 mlrd so‘m, ya’ni 30,2 foizi to‘lanishi prognoz qilinmoqda.
Shu tariqa, 2023–2026-yillarda aholi va tadbirkorlik subyektlariga amalga oshirilgan to‘lovlarning umumiy hajmini 1 trln 187,7 mlrd so‘mga yetkazish uchun asos yaratilmoqda.
2026-yil yanvar–iyul oylarida “Quyoshli xonadon” dasturi doirasida eng katta to‘lovlar Buxoro viloyatida — 81,0 mlrd so‘m, Xorazm viloyatida — 79,7 mlrd so‘m, Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 51,6 mlrd so‘m, Qashqadaryo viloyatida — 49,1 mlrd so‘m va Navoiy viloyatida — 34 mlrd so‘m miqdorida amalga oshirildi.
“Yashil” energetika ijtimoiy himoya vositasiga ham aylanmoqda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish faqat iqtisodiy samara bilan cheklanmayapti. Energetika vazirligi tashabbusi bilan investitsiya loyihalari doirasida Korporativ ijtimoiy mas’uliyat — CSR tamoyillari asosida ijtimoiy soha ob’ektlari, aholi xonadonlari va “og‘ir” mahallalarda quyosh panellarini beg‘araz o‘rnatish amaliyoti ham yo‘lga qo‘yildi.
Bugungi kunga qadar 1 411 ta aholi xonadonida 3 331,86 kVt, 120 ta ijtimoiy soha obyektida 3 157,5 kVt hamda 21 ta mahallada 4 200 kVt quvvatdagi quyosh panellari o‘rnatilib, foydalanishga topshirildi.
Bu loyihalar ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, maktablar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari va tibbiyot muassasalarining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qoplash, xarajatlarni kamaytirish va ayrim hollarda qo‘shimcha daromad olish imkonini bermoqda.
Shu ma’noda, “yashil” energetika aholi farovonligini oshirish va manzilli ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning yangi amaliy vositasiga aylanmoqda.
Bu yo‘nalishda keyingi bosqichda ham ishlar davom ettiriladi. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 101 ta ijtimoiy soha obyektida 1 500 kVt, 837 ta aholi xonadonida 1 872,12 kVt va 26 ta mahallada 5 200 kVt; Buxoro viloyatida 198 ta ijtimoiy soha obyektida 1 178,95 kVt va 5 ta mahallada 1 000 kVt; Sirdaryo viloyatida 149 ta ijtimoiy soha obyektida 1 026,21 kVt va 205 ta xonadonda 447,3 kVt; Toshkent viloyatida 5 ta ijtimoiy soha obyektida 81,54 kVt va 44 ta xonadonda 99,44 kVt; Navoiy viloyatida 39 ta ijtimoiy soha obyektida 500 kVt, 120 ta xonadonda 265,02 kVt va 6 ta mahallada 1 200 kVt; Samarqand viloyatida 75 ta ijtimoiy soha obyektida 1 000 kVt, 141 ta xonadonda 310,2 kVt va 8 ta mahallada 1 600 kVt quyosh panellarini o‘rnatish belgilangan.
Mustaqillikning 35 yilligi arafasida — yangi energetik imkoniyatlar. Bugun qayta tiklanuvchi energetika O‘zbekistonda alohida-alohida loyihalar yig‘indisidan keng qamrovli milliy yo‘nalishga aylanib bormoqda. Yaratilgan huquqiy baza, yangi quyosh quvvatlari, ishlab chiqarilayotgan “yashil” elektr energiyasi, tejalayotgan tabiiy gaz, aholi va biznesga to‘lanayotgan mablag‘lar hamda ijtimoiy obyektlar va mahallalarda amalga oshirilayotgan loyihalar bu jarayonning amaliy natijalarini ko‘rsatmoqda.
2 508 MVt quyosh quvvatining yaratilishi, 4 mlrd 715 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi, 1 mlrd 271 mln kub metr tabiiy gaz tejalishi va 2 mln 711 ming tonna issiqxona gazlari chiqindisining oldi olinishi — mamlakat energetikasidagi o‘zgarishlarning muhim ko‘rsatkichlaridir.
Eng muhimi, “yashil” energetika endi faqat davlat yoki yirik energetika kompaniyalarining vazifasi emas. U xonadon egasi, tadbirkor, ijtimoiy soha vakili va butun mahallaning energetik jarayondagi ishtirokini kengaytirib, har bir fuqaro uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratmoqda.
Bu esa Mustaqillikning 35 yilligi arafasida mamlakatimiz energetikasida barqarorlik, tejamkorlik, zamonaviy texnologiyalar va inson manfaatlariga asoslangan yangi bosqich shakllanayotganining muhim ifodasidir.
AZIMJON ZAYDULLOEV,
Energetika vazirligining
Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini
rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i
