Rejalashtirilgan ishlar qanday amalga oshirilmoqda? Mirzo Ulug‘bek tumani misolida
2026-08-12 09:20:00 / Yangiliklar

Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash, elektr va gaz tarmoqlarining texnik holatini yaxshilash, hisob-kitob tizimidagi kamchiliklarni bartaraf etish hamda energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Elektr ta’minotida mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishga e’tibor qaratilmoqda. Tumanda 109 mingdan ortiq iste’molchiga xizmat ko‘rsatuvchi elektr tarmoqlari, 12 ta podstansiya, 16 ta taqsimlash punkti va 1 275 ta transformator punkti mavjud. Tadbirlar doirasida 49 ta transformator punkti joriy ta’mirlandi, 9 ta transformatorning yuklamasi qayta taqsimlandi, 2 ta transformator punktining quvvati 630 kVAga oshirildi.
Shuningdek, 431 ta elektr hisoblagich ASKUE tizimiga mos yangi hisoblagichlarga almashtirildi. Aloqadan chiqqan 2 411 ta hisoblagichdan 1 259 tasi qayta aloqaga kiritildi, 5 ta konsentrator o‘rnatildi va 2 tasining SIM-kartalari yangilandi. Bu ishlar iste’molni aniq hisobga olish va hisob-kitoblarni yanada shaffof yuritishga xizmat qiladi.
Mahallalardagi energetika muammolari ham manzilli o‘rganilmoqda. Xususan, Alisherobod, Chingeldi, Ijodkor va Iqtidor mahallalarida elektr uzatish tarmoqlariga daraxt shoxlari tegib qolishi bilan bog‘liq 33 ta holat aniqlanib, bartaraf etildi.
Gaz ta’minotida ham infratuzilmani yaxshilashga qaratilgan ishlar amalga oshirilmoqda. Tumanda 101 mingdan ortiq iste’molchiga xizmat ko‘rsatuvchi 392 ta gaz taqsimlash punkti va qariyb 690 km gaz tarmog‘i mavjud. Tadbirlar davomida 7 ta gaz taqsimlash punkti ta’mirlandi, 2,5 km qo‘shqator gaz quvurlari tartibga keltirildi, 4 ta gaz sizib chiqish holati bartaraf etildi.
Shu bilan birga, ASKUG tizimidagi muammolarni kamaytirishga ham e’tibor qaratildi. Aloqa bilan bog‘liq muammolar mavjud bo‘lgan 3 496 ta gaz hisoblagich bo‘yicha bu ko‘rsatkich 1 231 taga qisqartirildi. Tuman bo‘yicha jami 430 ta xonadon ikki bosqichli tizimga oʻtkazildi.
Ijtimoiy obyektlarning energiya samaradorligi ham alohida o‘rganilmoqda. Tumandagi 145 ta ijtimoiy soha obyektidan 52 tasi o‘rganilib, ularning elektr ta’minoti, yuklamasi, energiya iste’moli va hisob-kitob tizimi tahlil qilindi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqildi. Shuningdek, 59 ta maktabgacha ta’lim muassasasiga jami 201 ta geokollektor o‘rnatilgan bo‘lib, ularning umumiy hajmi 23 420 litrni tashkil etadi.
Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlariga ham chek qo‘yilmoqda. Tezkor reyd tadbirlari davomida elektr va gazdan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq 99 ta holat aniqlandi. Ular bo‘yicha belgilangan tartibda choralar ko‘rilmoqda.
Qarzdorlikni kamaytirish bo‘yicha ham natijalar qayd etilmoqda. Tadbirlar boshidan aholi va yuridik iste’molchilarning elektr energiyasi bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorligidan 1,2 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ undirildi. Gaz ta’minoti bo‘yicha aholi iste’molchilaridan 548 mln so‘m qarzdorlik qaytarildi. Shuningdek, ulgurji iste’molchilarning qarzdorligi 230,9 mlrd so‘mdan 80,2 mlrd so‘mga tushirildi.
Texnologik yo‘qotishlarni kamaytirish bo‘yicha ham aniq choralar ko‘rilmoqda. Elektr tarmoqlarida yuklamalarni qayta taqsimlash, qo‘lbola usulda o‘rnatilgan 53 ta o‘tkazgichni zamonaviy saqlagichlarga almashtirish, transformatorlarning past kuchlanishli qismida ajratgichlar va 59 ta kabel uchliklarini o‘rnatish ishlari bajarildi. Gaz tarmoqlarida esa yer osti quvurlarini mobil laboratoriya yordamida xatlovdan o‘tkazish, qo‘shqator tarmoqlarni qisqartirish va eskirgan gaz zulfinlarini zamonaviy sharsimon kranlarga almashtirish belgilangan.
Mazkur ishlar Mirzo Ulug‘bek tumanida energiya resurslaridan samarali foydalanish, tarmoqlardagi yo‘qotishlarni kamaytirish, hisob-kitoblarni aniqlashtirish va aholi hamda tadbirkorlarni elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan yanada ishonchli ta’minlashga qaratilgan.




