Rejalashtirilgan ishlar qanday amalga oshirilmoqda? Davlatobod tumani misolida
2026-08-11 20:25:00 / Yangiliklar

Namangan viloyatining Davlatobod tumanida elektr va tabiiy gaz ta’minotini yaxshilash, energiya resurslaridan samarali foydalanish, hisob-kitoblarni aniqlashtirish hamda tarmoqlardagi yo‘qotishlarni kamaytirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Elektr ta’minotida hisobga olish tizimining barqaror ishlashiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Tumanda ASKUE tizimiga ulangan 57 347 ta elektr hisoblagichdan 4 603 tasi — shundan 3 263 tasi aholi va 1 340 tasi ulgurji iste’molchilarning hisoblagichlari — tizim bilan aloqa qilmayotgani aniqlangan.
Olib borilgan ishlar natijasida 1 128 ta hisoblagichning ASKUE tizimiga qayta ulanishi ta’minlandi. Shundan 779 tasi aholi, 349 tasi ulgurji iste’molchilarga tegishli. O‘rganishlar davomida 36 ta holatda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish aniqlanib, jami 355,6 ming kVt·soat elektr energiyasi tegishli tartibda hisobga kiritildi.
Gaz ta’minotida ham hisob-kitob va ma’lumot uzatish tizimlarini yaxshilash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Tumandagi ASKUG tizimiga ulangan 40 457 ta gaz hisoblagichdan 216 tasi tizimga ma’lumot uzatmayotgani aniqlangan. Ularning 32 tasi ASKUG talablariga javob beradigan yangi hisoblagichlarga almashtirildi.
Qolgan 184 ta hisoblagich ko‘p qavatli uylardagi xonadonlarga to‘g‘ri keladi. Ushbu xonadonlarning ayrimlarida mavsumiy yashash holatlari mavjudligi sababli ASKUG tizimiga mos hisoblagichlarni o‘rnatish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda. Shuningdek, ma’lumot uzatmayotgan 940 ta qurilmaning uzluksiz ishlashi tiklandi.
Qarzdorlikni kamaytirish bo‘yicha ham amaliy ishlar olib borilmoqda. Joriy yilning 1-iyul holatiga tumanda elektr energiyasidan debitor qarzdorlik 43,3 mlrd so‘mni tashkil etgan. Tadbirlar boshidan 3,4 mlrd so‘m qarzdorlik undirildi.
Tabiiy gaz bo‘yicha debitor qarzdorlik 4 394,9 mln so‘mni tashkil etib, tadbir boshidan 343,4 mln so‘mga kamaygan. Tadbirlar davomida debitor qarzdorligi mavjud iste’molchilardan qarzdorlik undirilishi hamda to‘lov intizomini mustahkamlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Elektr energiyasini kam miqdorda iste’mol qilayotgan xonadonlar ham manzilli o‘rganilmoqda. Tumanda oyiga 50 kVt·soatdan kam elektr energiyasi iste’mol qiladigan 11 612 ta xonadon mavjud. Shundan 1 894 tasi o‘rganilib, 11 ta holatda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish aniqlangan. Natijada 230,7 ming kVt·soat elektr energiyasining tegishli tartibda hisobga olinishi ta’minlandi.
Tarmoq infratuzilmasining texnik holatini yaxshilash bo‘yicha ham ishlar davom ettirilmoqda. Tumandagi 781,9 km elektr uzatish tarmoqlarining texnik holati o‘rganilib, ta’mirtalab va yuqori xavf toifasiga kiritilgan uchastkalarda bosqichma-bosqich ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, 327 ta transformator punkti mavjud bo‘lib, ularning ta’mirtalab holatlari o‘rganilib, belgilangan dastur asosida ta’mirlash ishlari bajarilmoqda.
Jumladan, “Olmazor” podstansiyasidan chiquvchi “Farovon” hamda “Transformator” podstansiyasidan chiquvchi “Shishaki” fiderlariga ulangan iste’molchilarni yanada sifatli va barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida transformator punktlari va elektr tarmoqlarida ta’mirlash, daraxt shoxlaridan tozalash hamda yuklamalarni optimallashtirish ishlari amalga oshirildi.
Davlatobod tumanida olib borilayotgan mazkur ishlar elektr va gaz ta’minotining barqarorligini oshirish, energiya resurslarini aniq hisobga olish, noqonuniy foydalanishning oldini olish, qarzdorlikni kamaytirish hamda mavjud tarmoqlardan yanada samarali foydalanishga qaratilgan.






